19:25 / 13.11.2019
0
3002

Bryusselda Yevropa-O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi ochildi

Sodiq Safoyev / Foto: EUROUZ

12 noyabr kuni O‘zbekistonning Belgiya qirolligi poytaxti Bryusselda Yevropa-O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasining (EUROUZ) ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Assotsiatsiya matbuot xizmatidan ma'lum qilishlaricha, tadbirda Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi; Shell, British Petroleum, Knorr-Bremse A.G. McDermott, Picanol, TechnipFMC, APCO Worldwide kabi qator Yevropa kompaniyalarining rahbarlari, O‘zbekiston va alohida Yevropa davlatlari o‘rtasida tuzilgan savdo palatalari va assotsiatsiyalar vakillari, Yevropa Ittifoqining Bryussel shahridagi tashkilotlari vakillari, Yevropa Investitsion Banki va Belgiya qirolligi Tashqi ishlar vazirligi rasmiylari qatnashishgan.

«Tadbir davomida Yevropa biznes doiralari vakillariga O‘zbekistondagi islohotlar va investitsion muhitni yaxshilashga qaratilgan ishlar haqida ma'lumot berildi. Yevropa mamlakatlari bilan ayniqsa iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish ustuvor yo‘nalish ekani ta'kidlandi.

Bundan tashqari, zamon talablariga javob beradigan, yanada sifatli va sermahsul dialogni o‘rnatishga yordam beruvchi yangi hamkorlik mexanizmlarini yaratish muhimligi ham qayd etildi.

EUROUZ Kuzatuv kengashi raisi Klaus Mangold

Shuningdek, O‘zbekistonning investitsion imkoniyatlari, amalga oshirilayotgan loyihalar hamda Yevropa-O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi doirasidagi yangi hamkorlik mexanizmlari haqida taqdimotlar o‘tkazildi.

Tadbir natijasida tomonlar Yevropa ishbilarmon doiralari bilan hamkorlikni rivojlantirish maqsadida yangi platformadan to‘la foydalanishga kelishishdi», – deyiladi EUROUZ xabarida.

Ma'lumot uchun, Yevropa-O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi (EUROUZ) – Yevropa ishbilarmon doiralari va O‘zbekistonning rasmiy vakillariga investitsion va savdo munosabatlarini rivojlantirishda,  kelajakdagi hamkorlar va investorlar bilan yanada sermahsul munosabat o‘rnatishda ko‘maklashish uchun tashkil etilgan.

Barcha darajalarda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish uchun Yevropa biznes doiralari vakillariga O‘zbekistondagi iqtisodiy imkoniyatlar va loyihalar bo‘yicha o‘z vaqtida, eng aktual va sifatli ma'lumotlarni yetkazib berish – assotsiatsiya faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi.

EUROUZ – nodavlat, notijorat tashkilot bo‘lib,  O‘zbekiston va Yevropa ishbilarmon doiralari munosabatini yangi darajaga ko‘tarishni maqsad qilgan. Assotsiatsiyaning bosh qarorgohi Bryussel shahrida. Toshkentda esa doimiy vakolatxona faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top