14:16 / 13.11.2019
1
75108

Prokuratura xodimlariga 3ta faoliyat turi bilan shug‘ullanishga ruxsat berildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Ba'zi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasining 1992 yil 9 dekabrda qabul qilingan “Prokuratura to‘g‘risida”gi 746–XII-sonli Qonuni 43-moddasining (Prokuratura organlaridagi lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarga nisbatan qo‘yiladigan talablar) beshinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:

“Prokuratura organlari xodimlariga ilmiy, pedagogik va ijodiy faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanish taqiqlanadi”.

43-moddaning beshinchi qismi amaldagi tahriri quyidagicha edi:

“Prokuratura organlari xodimlari haq to‘lanadigan boshqa biron-bir faoliyat turi bilan shug‘ullanishi mumkin emas. Ular ilmiy, o‘qituvchilik va ijodiy faoliyat bilan faqat asosiy ishdan bo‘sh vaqtda shug‘ullanishi mumkin”.

Eslatib o‘tamiz, prokuratura organlarida prokurorlar, tergovchilar, surishtiruvchilar va ish o‘rganuvchilar lavozimiga oliy yuridik ma'lumotga ega, zarur kasbiy fazilatlari bo‘lgan, zimmalariga yuklanadigan xizmat vazifalarini bajarishga sog‘lig‘i imkon beradigan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tayinlanadi.

Alohida hollarda, prokuratura organlaridagi xizmatga iqtisodiyot, moliya, sotsiologiya, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida va boshqa sohalarda oliy ma'lumotga, zarur bilim va tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar qabul qilinishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar, shaharlar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar lavozimiga yigirma besh yoshdan kichik bo‘lmagan shaxslar tayinlanadi.

Prokuratura organlari xodimlari O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurori belgilaydigan tartibda attestatsiyadan o‘tkazilishi lozim.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top