15:23 / 15.11.2019
8
38044

«5ta fandan imtihon qilish bilan achchiq haqiqatni tan olyapmiz» – Asliddin Odilov

Asliddin Odilov

2020 yildan boshlab, OTMga kirishda abituriyentlar topshiradigan imtihon fanlari 3tadan 5taga ko‘paymoqda.

Bunday yangi tartibning joriy etilgani amalda maktab ta'limining sifatsizligi tan olinganini anglatadi, deb hisoblaydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Bosh boshqarma boshlig‘i Asliddin Odilov.

Odilov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda yangi mexanizm haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Sinov fanlarining 5ta bo‘lishi mazkur fanlarni o‘zlashtirish, o‘qish va o‘qitish ishiga ijobiy munosabatni shakllantiradi. Boshqa tomondan esa, bu achchiq bir haqiqatni ochiq-oydin tan olishimizni ko‘rsatyapti. Ya'ni maktabda sifatsiz bilim berilgan, attestatlarga baholar sun'iy ravishda oshirib quyilgan va unga ishonchsizlik munosabati sifatida kirish imtihonlarida majburiy tarzda ona tili, tarix va matematikadan bilimni sinayapmiz.

Kirish imtihonidan bilimsiz odamni bilimini oshirish yo‘li sifatida foydalanish – bu katta xato.

Muammoni bartaraf etish uchun uning ildizini topib yo‘q qilish zarur. Demak, islohotlar aynan maktablarda ta'lim berish sifatini oshirish, bilimni obektiv baholash tizimini joriy etishga qaratilishi lozim. Maktabni bitirib, attestat olayotgan barcha o‘quvchi yoshlar ona tili, tarix, matematika va boshqa fanlardan bazaviy bilimga ega bo‘lib chiqishlarini ta'minlashimiz kerak», – deydi Asliddin Odilov.

Ta'lim sohasi rasmiysiga ko‘ra, so‘nggi uch yilda kirish imtihonlarini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan islohotlar asosan 3ta global muammoni yechishga qaratilgan:

  • testni o‘tkazishdagi adolatsizliklar va korrupsiya holatlari;
  • yoshlarni oliy ta'limda tanlovga ega emasligi;
  • test tizimining «qora qutiligi».

«Yuqoridagi muammolarni yechish bo‘yicha ko‘p ishlar qilindi: bakalavriat bosqichiga kirish imtihonlari adolatli o‘tkazilishiga erishdik, yoshlar uchun tanlov imkoniyatlarini yaratdik, DTMni xalq oldidagi hisobdorligini oshirdik.

Lekin eng achinarlisi, test tizimining asosan yodlashga asoslangani, testologiya qoidalariga amal qilinmasligi, mantiqiy fikrlash va olgan bilimlarni amaliyotda qo‘llay olish, ta'limning keyingi bosqichini davom ettirish ko‘nikmalariga baho berilmasligini bartaraf etish bo‘yicha amaliy harakatlarga to‘liq guvoh bo‘lmayapmiz.

Natijada, tabaqalashtirilgan ta'lim tizimi hosil bo‘ldi, maktab va oliy ta'lim dasturlari o‘rtasidagi uzviylik va uzluksizlik yo‘qoldi: maktab beradigan bilim oliy o‘quv yurtiga kirish uchun yetarli emasligi, maktab imtihonlari uchun alohida tayyorlanish, institut uchun alohida repetitorga borish, institutga kirgan taqdirda ham oliy ta'lim dasturlarini o‘zlashtira olmaslik holatlari kuzatilyapti.

Shuning uchun asosiy maqsad – barcha yoshlar uchun bir xil darajadagi ta'lim olish imkoniyatlari va sharoitlarini yaratish, ta'lim turlari o‘rtasida uzluksizlik va uzviylik ta'minlanishi lozim», – deydi u.

Asliddin Odilovning aytishicha,  joriy etilishi rejalashtirilayotgan yangi tizim quyidagi maqsadlarga yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim:

  • Maktab uchun – yakuniy davlat attestatsiyalari bilan uyg‘unlashtirish va attestatga DTM imtihonlarining natijalari bo‘yicha baho quyilishi;
  • OTM uchun – kirish imtihoni sifatida qabul qilinishi;
  • Ta'lim sifati nazorati – ta'lim sifatini obektiv baholanishi.

«Umumta'lim maktablarining yakuniy attestatsiya natijalariga ko‘ra, 3ta fandan markazlashgan holda sinovlarni olishni tashkil etish yo‘lga qo‘yilsa, maktablarning o‘z ishiga mas'uliyati oshadi, olingan natijalarga ko‘ra maktablarning bilim samaradorligini aniqlashga va respublika bo‘yicha qo‘shimcha sinovlar o‘tkazmasdan maktablar reytingini belgilashga imkoniyat yaratilgan bo‘lar edi», – deb qayd etdi Ta'lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi Bosh boshqarma boshlig‘i.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Mavzuga oid:

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top