12:16 / 16.11.2019
0
8180

O‘zbekistonda piyoda yurish marafoni tashkil etildi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Davlat bayrog‘i to‘g‘risida qonun qabul qilingan kun munosabati bilan joriy yil 16 noyabr, shanba kuni, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan mamlakat bo‘ylab piyoda yurish marafoni tashkil etildi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, poytaxtda bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova va sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ishtirok etdi.

Ma'lumki, hozirgi urbanizatsiya davrida kamharakatlilik butun dunyoda o‘tkir muammoga aylangan. Holsizlik, uyquchanlik, uyquning buzilishi, diqqat-eʼtiborni jamlashning sekinlashishi, xotiraning pasayishi, sababsiz charchash hissi, semizlik — bu kabi belgilar ko‘pchilikda uchraydi. Lekin kamdan-kam odamlar bu holatlarni kamharakatlilik bilan bog‘laydi. Shu bois ham, Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarni faol harakatga chaqirib, muntazam ravishda yurish marafonini tashkil qilib kelmoqda. Ushbu jarayonda faol ishtirok etish uchun ozgina hafsala qilinsa bas. Aslida ham yurish barcha sport turlari orasida eng osoni va qulayi hisoblanadi. Buning uchun juda ko‘p energiya sarflashning hojati yo‘q. Ijobiy ta'siri esa juda yuqori. Yurish organizmning umumiy holatiga ta'sir ko‘rsatadi, mushaklarni baquvvat qiladi, suyak to‘qimasini mustahkamlaydi, harakatlarni muvofiqlashtirishni rivojlantiradi. 

Mutaxassislarning ma'lum qilishicha, haftada atigi 2,5 soatlik jismoniy faollik erta o‘lim holatlarini 28 foizga, yurak kasalliklarini ehtimolini esa 20 foizga kamaytirar ekan. Ya'ni, haftada kamida 150 daqiqa jismoniy faol bo‘lgan insonlar kamroq harakatlanadiganlarga qaraganda sog‘lomroq ekan. Bundan tashqari, jismoniy faollik natijasida organizmda biosintez jarayoni faollashadi, qon aylanish jarayoni 4-5 marta kuchayadi, yurak qisqarishlari soni tezlashadi, bu esa organizmda yangi energiya hosil bo‘lishiga va energiya bilan ta'minlanish yaxshilanishiga olib keladi.

Sog‘lom turmush targ‘ibotiga qaratilgan ushbu ommaviy piyoda yurish marafoni mamlakatning barcha hududlarida ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Jumladan, poytaxtdagi “Ashxobod” sayilgohida o‘tkazilgan marafonda minglab aholi ishtirok etdi.

Bayroq qabul qilingan kun munosabati bilan tashkil etilgan piyoda yurish marafonining o‘ziga xos ramziy ma'nosi ham bor. Sog‘lom insongina jismonan mustaqil bo‘ladi, o‘z maqsadi sari dadil va erkin harakat qila oladi. Buning uchun esa sog‘lom turmush tarziga amal qilish lozim.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top