12:05 / 16.11.2019
0
4927

Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Foto: TIV axborot xizmati

Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining bo‘lajak Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va Turkmaniston tashqi siyosat idoralari rahbarlari Abdulaziz Komilov, Muxtar Tleuberdi, Chingiz Aydarberkov, Sirojiddin Muhriddin va Rashid Meredov mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini va oliy darajadagi uchrashuvga tayyorgarlik jarayonini muhokama qildilar.

Yig‘ilishda ta'kidlanganidek, hozirgi paytda davlat rahbarlarining siyosiy irodasi sabab Markaziy Osiyoda butunlay yangi do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro ishonch muhiti shakllandi.

Vazirlar savdo aylanmasining yuqori sur'atlarda o‘sganini, transport-kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha ishlarning faollashganini, mintaqa mamlakatlarini bog‘laydigan yangi yerusti va havo yo‘nalishlari ochilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

29 noyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi kun tartibi ko‘rib chiqildi. Kun tartibiga savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlik, transport infratuzilmasi, ilmiy-texnik va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish masalalari kiritilishi rejalashtirilmoqda. 

Vazirlar sammitning yakuniy hujjati loyihasi va boshqa rejalashtirilayotgan qarorlarni ham muhokama qildilar, deyiladi ma'lumotda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top