09:30 / 19.11.2019
0
4801

Davlat geologiya qo‘mitasiga qo‘shimcha funksiyalar topshirildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Neft va gazgeologiya-qidiruv ishlarini tashkil etish va olib borish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va “O‘zbekneftgaz” AJning O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga quyidagi funksiyalarni topshirish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilindi:

yangi uglevodorod xomashyosi konlarini ochish uchun neft va gaz istiqbolli tuzilmalarini aniqlash va tayyorlashga qaratilgan ilmiy-tadqiqot, regional geologik-tasvirlash, geofizik va burg‘ilash ishlarini olib borish;

respublika uglevodorod xomashyosi zaxiralarini jadal rivojlantirish va qayta tiklash, yangi uglevodorod xomashyo konlarini ochishni ta'minlashga yo‘naltirilgan geologiya-qidiruv ishlari samaradorligi va natijadorligini oshirish ishlarini tashkillashtirish.

“O‘zbekneftgaz” AJ 2019 yil yakuniga qadar Davlat geologiya qo‘mitasiga ilmiy-tadqiqot va geofizik ishlarini olib borishning amaldagi loyihalari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni hamda barcha mavjud istiqbolli maydonlar, investitsiya bloklari va uglevodorod xomashyosi konlari bo‘yicha fond va boshqa materiallarni taqdim etadi.

Belgilab qo‘yilishicha:

2020 yildan boshlab neft va gaz mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash yillik davlat dasturlari Davlat geologiya qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi;

neft va gaz mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash yillik davlat dasturlari doirasida yetakchi xorijiy konsalting kompaniyalari va mutaxassislarini jalb etgan holda, geologiya-qidiruv ishlarini tashkil qilishning xalqaro standartlarini tatbiq etish choralari amalga oshiriladi;

neft va gaz bo‘yicha ilmiy-tadqiqot, regional geologik-tasvirlash, geofizik va burg‘ilash ishlari hamda zamonaviy uskunalar, ilmiy hajmdor texnologiyalar, dasturiy mahsulotlar, maxsus va avtotransport texnikalari bilan jihozlash choralari neft va gaz mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash yillik davlat dasturlarida ko‘zda tutiladi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan Davlat geologiya qo‘mitasining asoslangan hisob-kitoblari asosida moliyalashtiriladi;

neft va gaz mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash yillik davlat dasturlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga burg‘ilanib, qurilishi yakunlangan quduqlar ularni Davlat geologiya qo‘mitasi va uning tashkilotlari tomonidan yer qa'ridan muayyan foydalanuvchilarga berilguniga qadar soliqqa tortish obekti hisoblanmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat geologiya qo‘mitasining “O‘zbekneftgaz” AJ va “O‘zburg‘uneftgaz” AJning “O‘zbekgeofizika” AJ hamda “Neft va gaz konlari geologiyasi va qidiruvi instituti” AJning ustav kapitallaridagi ulushlarini Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Moliya vazirligi, Agentlik va Davlat geologiya qo‘mitasi bilan birgalikda 2020 yilning 1 iyuliga qadar geologiya-qidiruv xizmatlari sohasi va ushbu tarmoqdagi raqobat darajasini o‘rgangan holda Davlat geologiya qo‘mitasi tarkibiga kiruvchi davlat korxonalarini Agentlikka aksiyador (ta'sischi va ishtirokchi) huquqini berish orqali qayta tashkil etishni ta'minlaydi.

Davlat geologiya qo‘mitasi Agentlik va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda har bir davlat korxonasini qayta tashkil etish bo‘yicha tadbirlar rejasini ularning aniq muddatlari va mas'ul ijrochilarini ko‘rsatgan holda ishlab chiqadi, tasdiqlaydi hamda amalga oshirilishini ta'minlaydi.

Belgilanishicha, “O‘zbekgeofizika” AJ, “Neft va gaz konlari geologiyasi va qidiruvi instituti” AJ hamda qayta tashkil etilayotgan davlat korxonalari o‘z faoliyatini Davlat geologiya qo‘mitasining tashkiliy tuzilmasi tarkibida amalga oshiradi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top