20:49 / 19.11.2019
0
53945

Toshkentda barpo etilayotgan «G‘alaba bog‘i» ning konsepsiyasi taqdim etildi

Belarus Respublikasi Ikkinchi jahon urushi davlat muzeyi xodimlari Toshkentga tashrif buyurdi. Tashrif davomida mehmonlar uchun Qurolli Kuchlar davlat muzeyida seminar uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mazkur uchrashuv Olmazor tumanidagi general Sobir Rahimov haykali o‘rnatilgan xiyobonda Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlab boshlangan «G‘alaba bog‘i»ni barpo etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida fikr almashish maqsadida o‘tkazildi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 25 iyun kuni mazkur hududda bo‘lib, «G‘alaba bog‘i» qurilishi bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Ushbu topshiriq asosida bog‘ konsepsiyasi ishlab chiqilgan.

Konsepsiyani ishlab chiqishda Vazirlar Mahkamasi, Mudofaa, Tashqi ishlar, Ichki ishlar, Madaniyat vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, O‘zbekiston fanlar akademiyasi, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va O‘zbekiston Badiiy akademiyasining taklif va tavsiyalaridan ham foydalanildi.

«G‘alaba bog‘i» ning konsepsiyasi bilan yaqindan tanishish jarayonida belaruslik mutaxassislarga shu kunga qadar qilingan ishlar, shuningdek, amalga oshirilishi rejalashtirilgan qurilishlar bo‘yicha ham batafsil ma'lumot berildi. O‘z navbatida ular ham bog‘ning barchaga birdek qulaylik yaratishi uchun o‘z taklif va mulohazalari bilan bo‘lishdi.

Ta'kidlash kerakki, bog‘ hududida “Shon-sharaf” muzeyi ham bunyod etilmoqda. U yerdan Ikkinchi jahon urushida jasorat ko‘rsatgan o‘zbekistonliklar haqidagi ma'lumotlar (video, gazeta, suratlar va h.k) o‘rin oladi.

– «G‘alaba bog‘i» konsepsiyasini yaratish vaqtida bir qator xorij davlatlarining shu turdagi bog‘lari, skver va kompekslarining loyihalari o‘rganib chiqildi. Ishonchimiz komilki, bog‘ nafaqat hamyurtlarimiz, balki turistlar uchun ham diqqatga sazovor maskanga aylanadi, – deydi mudofaa vazirining o‘rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov.

Qurilish vazirligi xodimi Gulshoira Magametovaning ta'kidlashicha, bog‘ning turli burchaklari milliy an'analarimizga mos ayvonlar hamda interaktiv ma'lumotlar ulashuvchi zamonaviy elektron qurilmalar bilan jihozlanadi. Shuningdek, Ikkinchi jahon urushida g‘alabaga erishgan 35 davlatning bayroq, gerb va xaritalaridan iborat maxsus maydonchalar ham barpo etiladi. 

Tarixiy muhitni yaratish maqsadida harbiy musiqalar jaranglab, urush davriga oid ma'lumotlar yangrab turadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top