22:57 / 21.11.2019
1
24889

Samarqandda tovlamachiligi uchun qo‘lga olingan «muxbir»ning Kun.uz’ga aloqasi yo‘q

Ijtimoiy tarmoqlarda Kun.uz muxbirlari Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi maktabgacha ta'lim muassasasi mudirasidan pora olayotgan chog‘da qo‘lga tushgani haqida noto‘g‘ri xabarlar tarqalmoqda.

Biz mazkur masalaga oydinlik kiritdik.

Ma'lum bo‘lishicha, Kattaqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi, mahalliy bosma nashrlardan birida ishlovchi jurnalist Sh.Q. (u avval ham tovlamachilikda ayblanib 3 yilga ozodlikdan mahrum etilgan) o‘zini Kun.uz muxbiri deb tanishtirib, Narpay tumanidagi bog‘chalardan birida ishlovchi xodimdan jurnalistik surishtiruv uchun ariza qabul qilgan.

Shundan so‘ng arizada ko‘rsatilgan Narpay tumanidagi MTTlardan birida surishtiruv o‘tkazib, bolalar bog‘chasidagi ayblarni topib, uni Kun.uz saytida e'lon qilish bilan qo‘rqitgan. Bunda u o‘zining tanishi, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi MTTlardan birida mudira bo‘lib ishlovchi T.E.dan vositachi sifatida foydalangan.

Vositachi orqali Narpay tumanidagi MTT mudirasidan 3000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olayotgan chog‘da T.E. Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlangan. Takroriy tadbir bilan Sh.Q. ham ushlangan va unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Oktabr oyida ro‘y bergan mazkur voqea yuzasidan ayni paytda tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, saytimizda «Kun.uz muxbiri kim? — soxta muxbirlarga duch kelib qolmaslik uchun e'tibor berilishi kerak bo‘lgan jihatlar» sarlavhasi ostida ogohlantiruvchi maqola e'lon qilgan edik. Maqolada ayni shu voqeaga ham qisqacha to‘xtalib o‘tgan edik.

Ta'kidlash joiz, muxbirlarimizga sayt tomonidan xizmat beyjigi berilgan. Ularning haqiqiyligini Kun.uz saytining tegishli sahifasi orqali tekshirish mumkin.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top