09:14 / 22.11.2019
0
24409

AQSh Turkiyaga S-400’ni “yo‘q qilishni, qaytarib berishni yoki undan xalos bo‘lishni” taklif qildi 

Foto: RIA Novosti, Aleksey Malgavko

AQSh Turkiyani Rossiyadan xarid qilgan S-400 zenit-raketa majmualaridan xalos bo‘lishga chaqirmoqda. Bu haqda AQSh davlat departamentining yuqori lavozimli mansabdor shaxsi brifingda ma'lum qildi.  

“Turkiyada muzokaralar stoliga qaytish imkoniyati bor. Ular buning uchun S-400’ni yo‘q qilishi, qaytarib berishi yoki undan xalos bo‘lishi kerakligini bilishadi”, deb aytgan mansabdor shaxs.

Uning ta'kidlashicha, Anqarada AQShning Patriot zenit-raketa majmualarini sotib olish imkoniyati bor.

“Ularda [Turkiya] oldinga borish tanlovi borligini bilishadi va tanlov shundan iboratki, nafaqat ikki tomonlama, balki NATO hamjamiyatida oldinga borish uchun ular S-400’dan xalos bo‘lishlari lozim”, deb qo‘shimcha qilgan davlat departamenti vakili.

Uning aytishicha, agar Turkiya S-400’dan qutulmasa, unda Anqaraga qarshi sanksiyalar qo‘llashning “ko‘plab imkoniyatlari” bor. 

O‘tgan hafta AQSh prezidenti Donald Tramp Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuv yakunlariga ko‘ra Anqara tomonidan S-400 sotib olinishi bilan bog‘liq muammo ijobiy yechim topishiga umid bildirgan. Trampning ta'kidlashicha, Turkiya tomonidan S-400 kabi zamonaviy qurolning sotib olinishi AQSh uchun “muammo” hisoblanadi. 

AQShda Rossiya S-400 majmualarini F-35 qiruvchi samolyoti haqida ma'lumot olish uchun qo‘llashi mumkin, deb hisoblashmoqda. Shu sababli, AQSh Anqara S-400’larni sotib olgandan keyin Turkiyani F-35’ni yaratish dasturidan chiqarib yuborgan.

Biroq Turkiya rahbariyati S-400’lardan voz kechilmasligini aytib kelmoqda.

Erdo‘g‘anning aytishicha, S-400 majmualari 2020 yil apreldan to‘liq jangovar holatga keltiriladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top