22:30 / 22.11.2019
0
4545

«Namangan XETK» elektr xavfsizlik qoidalariga amal qilinishi yuzasidan murojaat bilan chiqdi

«Namangan XETK» AJ O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 26 dekabrdagi 1050-sonli «Elektr tarmog‘i xo‘jaligi obektlarini muhofaza qilish qoidalari» to‘g‘risidagi qarori hamda elektr xavfsizlik qoidalariga amal qilinishi yuzasidan iste'molchilarga murojaat bilan chiqdi.

«Joylardagi ayrim fuqarolarimiz tomonidan elektr uzatish havo tarmoqlarining muhofaza hududlarida o‘zboshimchalik bilan bino va inshootlar qurib olishlari, elektr tarmoqlari tagiga har xil turdagi daraxtlar ekib olishlari, tarmoqlarning avariyasiz ishlashiga xalaqit berayotgan daraxtlar fuqarolar tomonidan kestirilmayotgani, qurilish bo‘layotgan obektlarda temir havozalar joydan joyga ko‘chirilishida kuchlanish ostida turgan yuqori kuchlanishli havo tarmoqlariga ruxsat etilmagan masofaga yaqinlashishlari oqibatida ko‘plab insonlar elektr kuchlanish ta'siriga tushib, jiddiy zarar ko‘rish holatlari ko‘plab uchramoqda.

Misol uchun, 2018 yilning 8 mayida Norin tuman Haqqulobod shaharchasi «Zarbdor» MFYda yashovchi R. ismli fuqaro xonadoni 35 kilovolt kuchlanishli «Norin» elektr uzatish havo tarmog‘ining muhofaza hududida joylashib olgan bo‘lib, xonadonda qurilish bo‘layotgan tom qismini ta'mirlatayotgan vaqtda ikki nafar usta elektr kuchlanish ta'siriga tushib qolishgan.

2018 yilning 9 iyun kuni Rezina plast korxonasida tabiiy gaz quvurlarini bo‘yayotgan yollanma ishchilar ishni tugatib, devorga qo‘yilgan temir narvonni olayotgan vaqtda yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘iga narvon tegib ketib, 0,6 metrdan kam bo‘lgan ruxsat etilmagan masofada yaqinlashib, o‘z ehtiyotsizligi oqibatida 1 nafar ishchi  kuchlanish ta'siriga tushib qolgan.

2019 yilning 3 iyul kuni taxminan soat 6:50 atrofida tuman hududida kuchli shamol bilan yomg‘ir yog‘ishi boshlangan va hududdagi terak daraxti ildizi bilan qo‘porilib, 220 volt kuchlanishli elektr uzatish havo tarmog‘ining ustiga tushishi hisobiga xonadon uchun ulangan sim uzilib yerga tushgan. Uychi tuman «Ziyokor» MFYda yashovchi qarovsiz qolgan Z. ismli 3 yoshli qizaloq yerda yotgan kuchlanish ostida bo‘lgan elektr simini ushlab olib, kuchlanish ta'siriga tushib qolgan.

Shuning uchun elektr uzatish tarmoqlari himoya hududlarida qurilish ta'mirlash ishlarini olib borayotgan fuqarolar elektr ta'minoti korxonasining yozma ruxsatnomasini olib, xavfsiz ish sharoitlarini ta'minlagandan keyin ish jarayonini tashkil qilishi zarur. Buning uchun elektr uzatish havo tarmoqlari yaqinida ishlashdan oldin, oqib o‘tayotgan elektr energiyasining xavfliligi to‘g‘risida ishlovchilar albatta bilishlari va tegishli xavfsizlik choralarini ko‘rishlari talab qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 26 dekabrdagi 1050-sonli «Elektr tarmog‘i xo‘jaligi obektlarini muhofaza qilish qoidalari» to‘g‘risidagi qarorida elektr tarmog‘i xo‘jaligi obektlarining muhofaza zonalari mavjud.

Bir kilovoltgacha kuchlanishli tarmoqlar uchun - 2 metr (binolarni devorlari, konstruksiyalar va hokazolar bo‘ylab o‘tkazilgan o‘zini o‘zi tutib turuvchi yoki izolyatsiyalangan simli tarmoqlar uchun muhofaza zonasi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq o‘rnatilgan bunday tarmoqlardan ruxsat etilgan eng kam masofalar bilan aniqlanadi);

20 kV.gacha kuchlanishli tarmoqlar uchun – 10 metr (axoli punktlari chegaralarida joylashgan o‘zini o‘zi tutib turuvchi yoki izolyatsiyalangan simli tarmoqlari uchun 5 metr);

35 kV kuchlanishli tarmoqlar uchun – 15 metr;

110 kV kuchlanishli tarmoqlar uchun – 20 metr;

220 kV kuchlanishli tarmoqlar uchun – 25 metr;

500 kV kuchlanishli tarmoqlar uchun – 30 metr;

Yer osti elektr uzatish kabel tarmoqlari bo‘ylab – elektr uzatish tarmog‘ining ikkala tomoniga parallel vertikal tekisliklar bilan chegaralangan, chetdagi kabellardan 1 metr, agar kabel tarmoqlari shaharlarda yo‘laklar ostida o‘tkazilganda esa bino va inshootlar tomonga 0,6 metr va ko‘chaning transport harakatlanadigan qismi tomoniga 1 metr masofaga chetlangan yer uchastkasining yuza qismi, uning ostida joylashgan (elektr uzatish kabel tarmoqlari o‘tkazilgan chuqurlikka mos tarzda) yer qa'ri ko‘rinishida belgilangan.

Mazkur qaror ijrosini ta'minlash, kelib chiqadigan nizolar va baxsiz hodisalarni oldini olish maqsadida «Namangan hududiy elektr tarmoqlari» AJ mutaxassis xodimlari  ushbu 1050-sonli qaror mohiyati to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari hamda viloyat, tuman gazetalarida maqolalar berilib, targ‘ibot va tashviqot ishlari olib bormoqda.

Iste'molchilarga elektr energiyasidan foydalanish jarayonida, elektr uzatish tarmoqlari tagiga 3,5-4 metrdan baland o‘sadigan daraxtlarni ekmaslik, uzoq yillik baland o‘sadigan daraxtlarni ekish elektr simlariga tegib, noxush holatlar, ya'ni elektr energiyasi ta'siriga tushish, jarohatlanish, yong‘in keltirib chiqarishi to‘g‘risida ko‘nikmalar berishmoqda.

Ko‘pchilik hollarda xonadonlar o‘ziga tegishli yer uchastkalaridan tashqariga chiqib, yo‘l bo‘ylari, ariq bo‘ylari boshqa joylardan o‘tgan elektr uzatish havo tarmoqlari tagiga uzoq yillik baland o‘sadigan daraxtlarni ekib, elektr uzatish tarmoqlari me'yorida ishlashiga xavf-xatar tug‘dirish holatlari davom etmoqda. Bu elektr simining daraxt shoxlari tegishi natijasida uzilishi, fuqarolarning hayotiga xavf tug‘dirishi bo‘yicha mahalla mas'ullari, fuqarolarga tushuntirish ishlari keng ko‘lamda olib borilmoqda.

Aziz yurtdoshlar! Yuqorida aytib o‘tilgan noxush holatlardan xulosa chiqarib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 26 dekabrdagi 1050-sonli «Elektr tarmog‘i xo‘jaligi obektlarini muhofaza qilish qoidalari» to‘g‘risidagi qarorida hamda elektr xavfsizlik texnikasi qoidalari talablariga rioya etilmasa inson jiddiy jarohatlanishi yoki erta hayotdan ko‘z yumishini unutmasligi kerak», deyiladi «Namangan XETK» AJ ma'lumotnomasida.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top