08:19 / 22.11.2019
0
9884

Prezident huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining O‘zbekiston tomoni tarkibi ochiqlandi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining O‘zbekiston tomoni tarkibi ma'lum bo‘ldi.

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida xorijiy investorlar kengashini tuzish va uning faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorga ko‘ra, Xorijiy investorlar kengashining O‘zbekiston tomoni tarkibi quyidagicha ko‘rinish oldi:

G‘ulomov R.A. - O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi;

Mavlonov B.M. - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti rahbari;

G‘aniyev E.M. - O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari;

Qo‘chqorov D.A. - O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri;

Qosimov D.S. - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil;

Nurmuratov M.B. - O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi;

Umurzoqov S.U. - O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri;

Xo‘jayev B.A. - O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri;

Komilov A.X. - O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri;

Davletov R.K. - O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri;

Abdurahmonov I.Yu. - O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri;

Qudratov L.Sh. - O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari;

Ikromov A.I. - O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi;

Kamolov K.Yu. - O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori.

Qayd etilishicha, kengash a'zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.

Eslatib o‘tamiz, quyidagilar kengashning asosiy vazifalari etib belgilangan:

ilg‘or jahon tajribasi va amaliyotlariga tayangan holda O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga mamlakatni investitsiyaviy, sanoat-texnologik va innovatsion rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha maslahatlar berish;

qulay investitsiya muhitini shakllantirishda, mahalliy hamda xorijiy tadbirkorlarni iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari va hududlarga raqobatbardosh eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi zamonaviy korxonalarni tashkil etish maqsadida sarmoya kiritishlarini rag‘batlantirishning samarali mexanizmlarini shakllantirishda bevosita ishtirok etish, shuningdek, investitsiyalarni, eng avvalo to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilishga va o‘zaro manfaatli savdoni rivojlantirishga ko‘maklashish;

davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning xorijiy kompaniyalar, banklar, investitsiya va boshqa tuzilmalar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorligini ta'minlash;

investitsiyalarni jalb qilish va investorlarning, shu jumladan xorijiy investorlarning faolligiga to‘sqinlik qiluvchi asosiy omillarni aniqlash va tahlil qilish, respublikada qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini saqlab turishni ta'minlanish;

davlat organlari, O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yurituvchi xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xorijiy kompaniyalar, banklar, investitsiyaviy va boshqa tuzilmalarning hamkorlikdagi sa'y-harakatlari bilan investitsiya jarayonlariga to‘sqinlik qiluvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan samarali takliflarni ishlab chiqish;

eksportni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirishga, savdo infratuzilmasini, elektron tijorat tizimini izchil rivojlantirishga, mahalliy tovarlar va xizmatlarni tashqi bozorlarga olib chiqish uchun qulay sharoitlar yaratishga, samarali transport yo‘laklari, zamonaviy logistika zanjirini shakllantirishga ko‘maklashish;

mahsulot sifatini boshqarishning zamonaviy tizimlarini shakllantirish va ulardan foydalanish, mahalliy mahsulotlarning xalqaro standartlar va texnik reglamentlarga muvofiqligini ta'minlashning bosqichma-bosqich choralarini ko‘rish, ularning raqobatbardoshligini oshirish, ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni qo‘llab-quvvatlash choralarini amalga oshirish jarayonlariga ijobiy xorijiy tajribani joriy etish;

O‘zbekiston Respublikasida investitsiyaviy faoliyatni tartibga solish sohasidagi huquqiy bazani yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar va tavsiyalar tayyorlash;

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro imijini, xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni aniqlash va samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqish.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top