08:40 / 23.11.2019
5
33206

IIBB internetda tarqalgan video yuzasidan rasmiy ma'lumot berdi

Toshkent shahar IIBB ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan videotasvir yuzasidan rasmiy ma'lumot berdi.

2019 yil 14 oktabr kuni IIBB YHXB xodimi Toshkent shahri Yashnobod tumani, Farg‘ona yo‘li ko‘chasi Qo‘yliq bozori qarshisida xizmat olib borayotib, “Damas” rusumli avtoulovda Yo‘l harakati qoidalarining 9-bandi talabini bajarmasdan, ya'ni, xavfsizlik kamarini taqmasdan boshqarib kelayotgan haydovchini to‘xtatib, haydovchidan transport vositasining hujjatlarini taqdim qilishini so‘ragan. 

Haydovchi esa hujjatlarni taqdim qilishdan bosh tortib, YPX inspektoridan xizmat guvohnomasini va dislokatsiyasini ko‘rsatishni talab qilgan. YPX inspektori joylashuv dislokatsiyasini ko‘rsatmagani uchun haydovchi YPX inspektoriga bo‘ysunmasdan huquqbuzarlik sodir bo‘lgan joydan ketib qolgan.

Shu kuni tasdiqlangan joylashuv taqsimotiga ko‘ra YPX inspektori 1-navbatga “TXAY-Tolariq” ko‘chalari chorrahasiga jalb qilingan. Xizmatini yakunlab, batalon bazasiga borgan va ish natijalari hamda dislokatsiya ko‘chirmasini guruh komandiriga topshirgan. Ammo Qo‘yliq bozori oldida tirbandliklar yuzaga kelganligi sababli batalon komandirining ko‘rsatmasiga asosan guruh komandiri tomonidan qo‘shimcha dislokatsiya qilinib, shaxsiy tarkib yordamchi kuch sifatida Qo‘yliq bozori oldida xizmat o‘tashga jalb qilingan, deyiladi ma'lumotda.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi 975-sonli qarori ilovasi 1-bobi 9-bandi talablariga asosan:

transport vositasi to‘xtatilganida haydovchi YPX xodimi aynan to‘xtatilgan hududda dislokatsiyaga asosan xizmat o‘tayotganligi haqida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan shakldagi tasdiqlangan dislokatsiyaning ko‘chirmasi bilan shu joyning o‘zida tanishishi mumkinligi;

YPX xodimining dislokatsiyasi ushbu xodim xizmat olib borayotgan Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining saf bo‘limi boshlig‘ida saqlanishi va haydovchining murojaatiga binoan o‘n besh kun ichida yozma ravishda ma'lumot berilishi belgilab qo‘yilgan.

Qaror ilovasining 4-bobi (Yo‘l harakati qatnashchilarining yo‘l-patrul xizmati xodimlari bilan o‘zaro munosabatlaridagi huquq va majburiyatlari) 18-bandiga muvofiq, yo‘l harakati qatnashchilari YPX xodimlari bilan o‘zaro munosabatlarda quyidagi huquqlarga ega:

o‘zi to‘xtatilgan hududda YPX xodimi xizmat olib borishi mumkinligi haqidagi dislokatsiya ko‘chirmasi bilan shu joyning o‘zida tanishish yoki maxsus tadbirlar o‘tkazilayotganligi haqida MADX — ADXdan ma'lumot olish;

huquqbuzarlik to‘g‘risida ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilganidan so‘ng YPX xodimining dislokatsiyasi saqlanayotgan saf bo‘limi (bo‘linmasi) boshlig‘idan dislokatsiya haqida yozma ma'lumot berishni talab qilish.

Qaror ilovasining 19-bandiga muvofiq Yo‘l harakati qatnashchilari YPX xodimlari bilan o‘zaro munosabatlarda quyidagilarga majbur:

YPX xodimining qonuniy talablariga bo‘ysunishi va ularni bajarish;

transport vositasini boshqarishda belgilangan hujjatlarni (transport vositasini qayd etish guvohnomasi, haydovchilik guvohnomasi, sug‘urta polisi, yuk hujjatlari), shaxsini tasdiqlovchi (haydovchi transport vositasini haydovchilik guvohnomasisiz boshqargan hollarda) hujjatlarni YPX xodimlari talab qilganda tekshirish uchun taqdim etish.

Qarorda YPX inspektori tomonidan to‘xtatilgan yo‘l harakati qatnashchisiga shu joyning o‘zida inspektorning xizmat olib borishi dislokatsiyasi ko‘chirmasi ko‘rsatilmagan taqdirda, haydovchi transport vositasini boshqarishda belgilangan hujjatlarni (transport vositasini qayd etish guvohnomasi, haydovchilik guvohnomasi, sug‘urta polisi, yuk hujjatlari), shaxsini tasdiqlovchi (haydovchi transport vositasini haydovchilik guvohnomasisiz boshqargan hollarda) hujjatlarni YPX xodimiga taqdim etmasligi belgilanmagan.

Inspektor va haydovchining mazkur vaziyatdagi barcha xatti-harakatlarining qonuniyligi yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan tegishli o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

“Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan shahrimizning yo‘llarida harakat xavfsizligini ta'minlash borasida olib borayotgan barcha chora-tadbirlar faqatgina insonlarning salomatligi va hayotini saqlash maqsadida amalga oshiriladi.

Hurmatli poytaxtimiz aholisi va mehmonlari! Toshkent shahar IIBB YHXB Sizlarni yo‘llarda doimo qoidalarga rioya etib harakatlanishga chaqiradi”, - deyiladi IIBB rasmiy ma'lumotida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top