13:00 / 24.11.2019
0
4672

Toshkent shahri aholisining xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlaridan 26,9 mlrd so‘m qarzi borligi ma'lum qilindi

Toshkent shahar hokimligida shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev raisligida ko‘p qavatli uy-joy fondi va ijtimoiy soha obektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha ishlar natijadorligi va bu borada olib borilishi lozim bo‘lgan ishlarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonqulov O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 30 iyuldagi «Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2019-2020 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi bo‘yicha Toshkent shahrida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma'lumot berdi.

Shuningdek, mavjud kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tildi. Qayd etilishicha, «1055 kommunal xizmatlarni boshqarish markazi»ga 2019 yil davomida 5 378ta murojaat kelib tushgan. Shundan 5 194tasi bartaraf etilgan. Lekin, bugungi kunda tom qismidan chakki o‘tish, lift ishlamasligi, issiqlik ta'minoti talab darajasida emasligi hamda yerto‘lalardagi quvurlar nosozligi yuzasidan yechimini kutayotgan muammolar ham bor.

Hokim o‘rinbosari bunday holatlar ayrim o‘rinlarda tumanlardagi mutasaddilarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari, ba'zi hollarda esa xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari talab darajasida ishlamayotgani sabab yuzaga kelayotganini aytib o‘tdi.

Ma'lum qilinishicha, Toshkent shahridagi 9964ta ko‘p kvartirali uylarga 2072ta XUJMShlari (xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari) va 187ta Boshqaruv kompaniyalari xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Aholining ko‘p qavatli uy-joylardagi ichki isitish tizimidagi e'tirozlarini kamaytirish maqsadida 57ta harakatlanuvchi mobil avariya-tiklov brigadalari tashkillashtirilib, ko‘p kvartirali uylarning ichki isitish tizimlarini sozlash ishlari yo‘lga qo‘yildi.

Natijada 1707ta uylarning issiqlik uzellarida kamchiliklar aniqlib, 1685tasi bartaraf etildi. Eng ko‘p muammolar Yunusobod tumanida 275ta va Sergeli tumanida 345ta ko‘p qavatli uylarda aniqlandi.

Bundan tashqari, 8808ta ko‘p qavatli uylarda 330 mingta issiqlik tik quvurlari mavjud bo‘lib, bugungi kunda 6747ta ko‘p qavatli uylar o‘rganildi, shundan, 365ta uyning 823ta issiqlik tik quvurlarida kamchiliklar aniqlandi, 762tasidagi muammolar bartaraf etildi.

Yig‘ilishda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlaridagi moliyaviy holat haqida ham keltirib o‘tildi: 2019 yil 1 noyabr holatiga ko‘ra aholining xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlaridan qarzdorligi 26,9 milliard so‘mga teng.

2013-2018 yillar uchun dastur bo‘yicha XUJMShga jami 808,9 mlrd so‘m miqdoridagi imtiyozli kreditlar ajratilgan. Bugungi kunga kelib bu mablag‘larning faqat 253,2 mlrd so‘mlik qismi qaytarilgan.

Yig‘ilishda ayrim amaldorlar ishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun intizomiy javobgarlikka tortilgani qayd etilgan.

«Majlisda aniqlangan kamchiliklar tumanlar kesimida alohida ko‘rib chiqildi va ularni tezkorlik bilan bartaraf etish buyicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi», deyiladi shahar hokimligi matbuot xizmati xabarida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top