17:50 / 25.11.2019
0
10533

Berlin Xitoyni Shinjon-Uyg‘ur muxtor okrugiga ekspertlar kirishiga ruxsat berishga chaqirdi

Foto: Kevin Frayer / Getty Images

Germaniya Shinjon-Uyg‘ur muxtor okrugida inson huquqlarining ehtimoliy buzilishi to‘g‘risidagi xabarlardan tashvishda va Pekindan hududga BMT ekspertlari kiritilishini so‘raydi. Bu haqda GFR tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Adebar ma'lum qildi.

"Biz qayta tarbiyalash lagerlari deb nomlanuvchi joylarda bo‘lgan millionga yaqin uyg‘urlar bilan bog‘liq vaziyat to‘g‘risidagi xabarlarni katta xavotir bilan kuzatmoqdamiz. Biz Xitoydan inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilash va u yerga BMTning inson huquqlari bo‘yicha komissari hamda xalqaro ekspertlar kirishini ta'minlashini talab qilamiz", - dedi u.

Germaniya vazirlar mahkamasi rasmiy vakili Shteffen Zaybert Shinjon-Uyg‘ur muxtor okrugida faoliyat ko‘rsatayotgan nemis kompaniyalari to‘g‘risidagi savolga javob berarkan, Xitoyga nisbatan sanksiyalar kiritilmagani sababli kompaniyalar qanday qarorga kelishni o‘zlari hal qilishini aytdi.

Huquqni himoya qilish tashkilotlari va G‘arb davlatlari XXRning Shinjon-Uyg‘ur muxtor okrugi aholisiga nisbatan harakatlarini muntazam tanqid qilib keladi. 2018 yil avgustda BMt ekspertlari 1 millionga yaqin etnik uyg‘urlar "qayta tarbiyalash lagerlari"da bo‘lishi mumkinligini ma'lum qilgandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top