10:03 / 25.11.2019
2
6335

Qonunchilik palatasiga yangi tahrirdagi Soliq kodeksi kiritildi

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining 2020 yilgi Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonundan keyin Soliq kodeksining yangi tahriri loyihasi qo‘rib chiqish uchun parlamentning quyi palatasiga taqdim etildi.

Qonunchilik palatasi matbuot xizmatiga ko‘ra, loyihaga mas'ul etib Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi belgilandi. Kodeks loyihasini takomillashtirish bo‘yicha ishlarga parlament quyi palatasi huzuridagi Davlat budjeti boshqarmasi mutaxassislari ham jalb qilindi.

Loyihani birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun tayyorlash ishlariga mas'ul qo‘mita huzurida deputatlar, ekspertlar, hukumat va Davlat soliq qo‘mitasi vakillaridan iborat ishchi guruhi tuzildi va uning birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda ta'kidlanganidek, yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan hujjatga aylanishi kerak. Loyihaga solish masalalarini, shu jumladan soliq stavkalarini tartibga soluvchi qonunosti hujjatlari qoidalari ham kiritilgan. Hujjatda amaldagi Soliq kodeksining umumiy (soliq ma'muriyatchiligi masalalari) va maxsus (soliqlarni hisoblash va to‘lashning asosiy qoidalari) qismlarga bo‘linishini ko‘zda tutadigan tuzilish saqlab qolingan.

Loyihada sakkizta yo‘nalish, shu jumladan umume'tirof etilgan xalqaro me'yorlar va soliq standartlari, boshqa mamlakatlar tajribasini hisobga olgan ilg‘or va sinab ko‘rilgan usullar, shuningdek mahalliy va xalqaro ekspertlarning xulosalari hisobga olingan. Qo‘shimcha qiymat solig‘i va uni hisoblashdagi yangiliklarga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Yig‘ilish davomida soliq qonunchiligidagi yangiliklar jonli munozara shaklida muhokama etildi. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top