14:05 / 25.11.2019
2
6841

Tanqidga munosabat: Buloqboshi tumani markazidagi uylarda tabiiy gaz ta'minoti izga tushdi

17 noyabr kuni Kun.uz saytida «Buloqboshida gaz konlari bor. Lekin tuman markazidagi uylarda ovqat pishirish uchun ham gaz yo‘q» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.

Ikki kun o‘tib «Hududgaz Andijon» MChJ matbuot xizmati rahbari Akmaljon Xoliqov hamrohligida yana shu tuman bordik.

Tuman markazidagi M.Ismoiliy ko‘chasida joylashgan 14, 15 va 16-sonli ko‘p qavatli uylarda bo‘lib, tabiiy gaz ta'minoti yaxshilanganiga guvoh bo‘ldik. 16-uyning 3-kvartirasida yashovchi Azimjon Qodirov xonadonidagi va boshqa xonadonlarda ham gaz bosimi ko‘tarilgan, uylar egalari «komforkali» gaz plitalarida ovqat pishirib, choy qaynatishmoqda. 15-uydagi xonadonlarda ham tabiiy gaz ta'minoti yaxshilangan.

Tumanda gaz ta'minotini yanada yaxshilash uchun bir talay ishlar amalga oshirilmoqda. «Chaqar» MFY hududida yangi AGTSh (avtomatik gaz taqsimlash shoxobchasi) ishga tushirilibdi. Mazkur AGTShga 4 kilometrdan yangi tarmoq tortilgan. Maqolada keltirilgan «Toshkechik», «Guliston» hamda «Boy» MFYlaridagi ikki mingta xonadon yana qaytadan tabiiy gaz bilan ta'minlanadigan bo‘ldi. Tarmoq uchun 650 mln so‘m mablag‘ sarflangan. «Uchtepa» AGTSh ham ishchi holatida. U yerdan «Shirmonbuloq», «Qaqir» hamda «Navoiy» MFYlari uchun 2,5 kilometrlik tarmoq tortilyapti.

«Bugungi kunda tumanimiz aholisi bir sutkada 200 ming kub.metr tabiiy gaz iste'mol qilmoqda», deydi «Hududgaz Andijon» MChJning Buloqboshi tumani bo‘yicha rahbari Shohruxbek Shuhratbekov.

Hozirda tumanning ko‘plab qishloqlarida tarmoqni qayta tortish ishlari jadal ketmoqda. Farg‘onadan soha mutaxassislari ham yordam kelishgan. Mutasaddilar ma'lumotiga ko‘ra, 10 kun ichida ushbu hududlar to‘la tabiiy gaz bilan ta'minlanadi.

Elmurod Ermatov, Andijon

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top