23:32 / 26.11.2019
0
12985

Bolalarning tish pastasini yutib yuborishi qanchalik xavfli ekani ma'lum qilindi 

Rossiyalik stomatolog-mutaxassis Aleksandr Yeremin ko‘plab ota-onalarni tashvishlantiruvchi savolga javob berdi. Gap bolalarning tish pastasini yutib yuborishi qanchalik xavfli ekani haqida bormoqda. Bu haqda “Moskovskaya meditsina” nashrida ma'lumot berildi. 

Mutaxassisning ta'kidlashicha, tish pastasi yoki tishlarni chayish vositasining og‘iz bo‘shlig‘idan ichkariroqqa tushishi nomaqbuldir. Chunki bu vositalar tarkibidagi faol moddalarning katta miqdori organizmga zarar yetkazishi mumkin. 

Biroq tish pastasi va chayish vositasida bu moddalar kam miqdorda bo‘lib, ularning tasodifiy yutib yuborilishi xavfli emas.

Mutaxassis ftor saqlovchi pasta yoki chayish vositasidan kam miqdorda yutib yuborgan bolaga bir stakan sut ichirib yuborishni tavsiya qilgan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ota-onalar 12 yoshdan kichik bolalarning tish yuvishlarini doim nazorat qilishlari lozim.

“Bolalar tishini yuvishi uchun jimjilog‘i tirnog‘idek miqdorda pasta bo‘lishi kerak”, deb tavsiya qildi mutaxassis.

Bundan tashqari, balog‘at yoshiga yetmagan bolalarga yumshoq tish cho‘tkalari olib berish kerak, chunki dag‘al qilli tish cho‘tkalari tish emali va milkka zarar yetkazishi mumkin. Shuningdek, tabiiy qilli tish cho‘tkalaridan voz kechish lozim, chunki ularda mikroorganizmlar tez to‘planadi va ko‘payadi.  

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top