07:50 / 26.11.2019
2
5834

Gender tenglikni ta'minlash bo‘yicha komissiya chaqiriq bilan chiqdi 

Foto: Shutterstock

25 noyabr – Xalqaro xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish uchun kurashish kuni. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi jamiyatda bunday illatning barcha ko‘rinishlariga qarshi kurashish uchun siyosiy iroda va resurslarni safarbar etishga chaqirdi.

Komissiyaning qayd etishicha, gender kamsitish bilan bog‘liq zo‘ravonlik inson huquqlarining qo‘pol ravishda buzilishidir, aynan shu sababli jamiyatning murosasizligi bu illat tarqalishiga qarshi asosiy to‘siq bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, xotin-qizlar huquqlari himoyasining qonunchilik bazasini mustahkamlash ham o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.  

Bu yo‘nalishda mamlakatda jiddiy qadamlar tashlandi. Joriy yilda Oliy Majlis Senati tomonidan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi 2 ta normativ-huquqiy hujjat – “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar ma'qullandi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi, Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi faoliyat boshladi. Bularning barchasi opa-singillarimizni qo‘llab-quvvatlashga davlat darajasida e'tibor qaratilayotganidan darak beradi.

“Biroq, bu borada davlat organlari va tashkilotlarining sa'y-harakatigina yetarli emas. Aholi barcha qatlamlarining huquqiy savodxonligini yanada oshirish, xotin-qizlarga nisbatan yuzaga kelgan stereotiplarni o‘zgartirish uchun jamiyatning sa'y-harakatlarini birlashtirish va, albatta, respublikada qabul qilingan qonun hujjatlarni amalda ro‘yobga chiqarish bo‘yicha keng ko‘lamli ish olib borish zarur.

O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi bu borada jahon hamjamiyati bilan hamfikrligini va xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik hollariga to‘liq barham berish maqsadlariga sodiqligini bildiradi”, - deyiladi komissiya ma'lumotida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top