14:52 / 26.11.2019
5
19525

Havo kodeksiga o‘zgartirish kiritilsa, aviachiptalar narxi kamida 20 foizga arzonlashishi mumkin

2018 yilning 18 yanvar kuni Qozog‘iston Respublikasi Aqto‘be oblastida sodir bo‘lgan fojiali voqeadan so‘ng O‘zbekiston hukumati davlat chegarasidan tashqariga chiqayotgan fuqarolar xavfsizligini ta'minlashga doir shoshilinch chora-tadbirlar to‘g‘risida maxsus qaror qabul qilgan, unda aviatsiya va temir yo‘l chiptalar narxi arzonlashtirilishi haqida so‘z borgandi. Shundan so‘ng O‘zbekistonda milliy loukoster tashkil etilishi, Moskvaga uchish 100 dollarga tushishi mumkinligi aytilgandi.

25 noyabr kuni AOKAda Transport vazirligi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Kun.uz muxbiri bu borada qanday ishlar qilingani bilan qiziqdi.

Transport vazirligi havo transportini rivojlantirish departamenti boshlig‘i Ulug‘bek Bektashev Qozog‘istondagi fojiadan so‘ng «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasiga, hozirgi «Uzbekistan Airways» aksionerlik jamiyatiga o‘sha paytda shunday topshiriq berilganini aytib o‘tdi.

«Mehnat vazirligi bilan birgalikda mehnat muhojirlari uchun 20 foizli chegirma bilan maxsus tariflar ishlab chiqilgan. Bugungi kungachayam shu mexanizm ishlab kelyapti va mehnat muhojirlari arzonlashtirilgan tariflardan foydalanib kelmoqda», deya Ulug‘bek Bektashevning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Tadbirda birgina Turkiyaga aviaqatnovlar misolida chiptalarning narxi bo‘yicha aniq misollar keltirilib, 10 sentabr holatiga bir taraf uchun Istanbul–Toshkent chiptasi narxi «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK tomonidan 581 dollar etib belgilangan bo‘lsa, Istanbuldan Ostona orqali Toshkentga kelish 303 dollar («Air Astana», Qozog‘iston), Istanbuldan Ostona va Olmaota orqali Toshkentga parvoz qilish 317 dollar («Air Astana», Qozog‘iston), Istanbuldan Moskva orqali Toshkentga kelish 320 dollar («Aeroflot», Rossiya), Istanbul–Chimkent aviachiptasi narxi 178 dollarni («SCAT Airlines», Qozog‘iston) tashkil etgani aytilib, aviachiptalar mehnat muhojirlariga 20 foizli chegirma bilan sotilayotgani muammo yechimi bo‘lolmasligi, xorijga ishlashga ketayotgan o‘zbekistonliklar aviachipta uchun pul topolmaganidan haligacha poyezd yoki avtobuslarda Rossiyaga ketayotgani, qachon masala tizimli ravishda hal qilinishi, nima uchun ayni paytda mavjud samolyotlar parki bilan loukoster biznes modelini amalga oshirib bo‘lmaydi, degan xulosaga kelingani so‘raldi.

Ulug‘bek Bektashev loukoster tashkil etishning 3ta yo‘li borligi, ularning har biri katta xarajatlar talab qilishini ta'kidladi.

«Birinchi usulga ko‘ra, amalda ishlatilib kelinayotgan samolyotlarni qayta jihozlash talab etiladi. Kichkina samolyotlar, misol uchun, Boing-707da 190ta o‘rindiq bo‘lsa, shundan 26tasi biznes-klass, 160tasi ekonom-klassga mo‘ljallangan. Loukoster tizimida biznes toifasidagi o‘rindiqlar bo‘lmaydi. Bu butun samolyotni ekonom-klassga konvertatsiya qilish kerak deganidir. Shunda o‘rindiqlar soni 190tadan 210taga ko‘payadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, samolyotni qayta jihozlash kichkina pul bilan amalga oshmas ekan. Ayni paytda «Uzbekistan Airways» AJ parkida 29ta samolyot bor.

Loukoster tashkil etishning ikkinchi yo‘li ixcham samolyotlarni sotib olish bo‘lsa, uchinchi yo‘li – loukoster tizimi talablariga mos samolyotlarni lizingga olish. Lekin iqtisodiy tomonidan hisob-kitob qilinganda hozircha «Uzbekistan Airways» uchun loukoster tashkil etish qiyin.

Shu sababli, vaziyatdan chiqish uchun migrantlarga, umuman, butun aholiga aviachipta narxini arzonlashtirish uchun gibrid modelini joriy etish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Yaqin kunlarda buning biznes-strategiyasi tasdiqlanib qoladi. Agar bu amalga oshsa, aviachiptalarning narxi arzonlaydi. Migrantlar ko‘proq Rossiyaga borishadi. Istanbul ham misol keltirildi. Haqiqatan ham xalqimiz chet davlatlarga ishlagani ko‘p chiqib ketayotgani uchun boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ham aviachiptalar narxini tushirish mexanizmlarini o‘ylab chiqish, topish ustida ish olib borilyapti. Natijasini albatta xalqimiz sezadi», deydi Ulug‘bek Bektoshev.

Foto: Ibrohim Do‘shanov

Mutasaddilarning ma'lum qilishicha, bugungi kunda Transport vazirligi tomonidan Havo kodeksiga o‘zgartirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

«Loukoster tizimida chiptalar qaytarilmaydigan, bepul bagaj taqdim etilmaydigan, ovqat narxi chipta narxiga kiritilmaydigan tariflar bor. Havo kodeksiga muvofiq, aviatashuvchi bepul bagaj taqdim etishi shart (102-modda), qaytarilmaydigan chipta sotishga haqqi yo‘q (104-modda). Lekin xorij kompaniyalarda yo‘lovchilarga tanlash imkoniyati beriladi. Agar yo‘lovchining bagaji bo‘lmasa, samolyotda ovqatlanishni istamasa, nima uchun boshqalar bilan bir xil narxda chipta sotib olishi kerak degan savollar tug‘iladi. Shu tizim chet elda yaratilgan. Biz jahon standartlari va tajribani o‘rgangan holda shu narsani yo‘lga qo‘ymoqchimiz. O‘ylaymanki, tashabbusimizni Vazirlar Mahkamasi, deputatlarimiz qo‘llab-quvvatlashadi. Bu nafaqat «Uzbekistan Airways» AJ uchun, ertaga O‘zbekistonda boshqa aviakompaniya tuzilganda ham ko‘mak bo‘ladi. Shunda Jahon banki prognozlari bo‘yicha aviachiptalar narxi kamida 20 foizga arzonlashishi mumkin. Shu narsani amalga oshirmoqchimiz», deydi Bektoshev.

Ma'lumot uchun, loukosterlar bu kam budjetli, ekspluatatsiya xarajatlari past bo‘lgan aviakompaniya bo‘lib, uning chiptalari boshqa aviakompaniyalarnikidan ancha arzon bo‘ladi. Bunday aviakompaniyalarning samolyotlaridan besh yulduzli komfort bo‘lmasligi mumkin, ammo parvozlar narxini ko‘pchilik uchun hamyonbop bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda nima uchun loukosterlar paydo bo‘lmayotgani, SilkJet kompaniyasi xorijiy investitsiyalar va jahon tajribasiga ega aviatsiya mutaxassislarini jalb etgan holda O‘zbekistondagi birinchi loukosterni joriy etishga urinayotgani, ANNA.AERO kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan marketing bo‘yicha minitadqiqotga ko‘ra, O‘zbekiston — loukosterlar kirib borishi darajasi bo‘yicha Osiyodagi autsayderlardan biri deb topilgani xabar qilingan edi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top