13:19 / 27.11.2019
3
62325

Sardor Rashidov: «Kuper iste'foga chiqarilgach, Qatardagi hamma misrliklar meni tabriklashgandi»

Foto: KUN.UZ

Sardor Rashidov Vadim Abramov murabbiyligidagi O‘zbekiston milliy jamoasidan taklif olmagan bo‘lsa-da, klubi «Qatar SK» safida o‘z gollari bilan muxlislarni quvontirmoqda. U FIFA kunlari sabab yuzaga kelgan tanaffusdan foydalanib, yurtimizga qaytdi.

Kun.uz sayti muxbiri Jizzaxda Sardor Rashidov bilan uchrashib, undan eksklyuziv intervyu oldi. Suhbat davomida legioner futbolchi O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq bosh murabbiyi Ektor Kuper haqida ham fikr bildirdi.

«Ektor Kuper o‘yin va natija jihatdan bizga hech narsa bermadi. Qatarda misrliklar juda ko‘p. Klubimizda ham misrlik futbolchilar, mutaxassislar, klub ishchilari talaygina. Qizig‘i, Kuper bizga bosh murabbiy bo‘lganida ularning aksariyati «Kuper sizlarda ish boshlabdi, muammoga yo‘liqibsizlar-da», deyishgandi. Negadir misrliklar Kuperni yoqtirishmasdi. Qaysi misrlik bilan gaplashmay, u bizni «o‘ldirib ketgan» derdi. Kuper iste'foga chiqarilgach, Qatardagi misrlik murabbiy va futbolchilar xursand bo‘lib, meni tabriklashgandi.

Aynan uning qo‘l ostidagi o‘z o‘yinim haqida gapiradigan bo‘lsam, o‘shanda men hujum haqida emas, ko‘proq himoyamiz haqida o‘ylashim kerak edi. Uning talabini bajarmasam, darhol zaxiraga olardi. Bizda hujumkor yaxshi futbolchilar ko‘p bo‘lsa-da, Ektor Kuper eng avvalo himoya haqida o‘ylashimiz kerakligi haqida gapirardi. Misrda ham shunday ishlagan ekan. Misrliklardan birining aytishicha, Kuper Misr terma jamoasida ham Muhammad Salohdan boshqa hammadan asosan himoyada to‘p surishni talab qilgan ekan» - deydi Sardor Rashidov.

Qiziqarli savol-javoblarga boy bo‘lgan videointervyuni tez orada Kun.uz va Tribuna.uz saytlarida tomosha qilishingiz mumkin.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top