15:50 / 28.11.2019
0
14118

MIB: 10 mlrd so‘mlik uy bo‘yicha faqat ijro hujjati bor xolos

Foto: MIB

Bugun, 28 noyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, qaror bilan 1 iyundan boshlab, ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish ijro hujjati kelib tushgan vaqtdan keyin bir ish kuni ichida ijro ishi qo‘zg‘atilishi yo‘lga qo‘yildi (muqaddam 3 kun).

Yana bir jihat - ijro harakatlari ko‘pi bilan ikki marta kechiktirilishi mumkin, oldinlari necha marta kechiktirilishi mumkinligi qonunchilikda ko‘rsatilmagandi.

Endilikda, ijro harakatlarini bajarishda yuzaga kelgan masalalarni tushuntirish uchun davlat ijrochisi tomonidan tayinlangan mutaxassis ijrochining qarori bilan tanishgan kundan boshlab 15 ish kuni ichida yozma xulosa taqdim etishi qat'iy belgilangan.

Byuro organlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida 21,9 trillion so‘mlik 2,7 millionta ijro hujjatining ijrosi tamomlandi.

Davlat ijrochilari tomonidan qabul qilingan qarorlari va ijro harakatlari haqidagi xabarnomalarni avtomatlashtirilgan tizimdan foydalangan holda elektron pochtaga yoki mobil aloqa vositalari orqali qisqa xabar (SMS) ko‘rinishida yo‘llash choralari ko‘rilayotgani bildirildi.

Tadbirda nega alimentlar, kichik qarzdorliklar bo‘yicha undiruvlar to‘g‘risida muntazam xabar berilishi, lekin katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan ishlar, masalan sobiq hokimlar, sobiq prokurorlar ishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ijro harakatlari bo‘yicha ma'lumot berilmasligi, masalan, 10 milliard so‘mlik uy bo‘yicha ham turli taxminlar bildirilayotgani to‘g‘risida so‘raldi.

MIBning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Farrux Toshpo‘latov ushbu savolga javob qaytardi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

«Albatta, jamoatchilikni shov-shuvli xabarlar qiziqtiradi. Lekin bizga bunday ishlar doirasida faqat shu mulkka doir ajrim hujjatigina yetib keladi va biz shu asosda mulkni sotuvga qo‘yamiz. Bu hujjatda jinoyat ishi bo‘yicha yoki sudlanuvchilarga oid ma'lumotlar bo‘lmaydi. Lekin bu borada ham ishlayapmiz, kelgusida yirik ijro harakatlari doirasida shaxslarga oid ma'lumotlarni ham ochiqlash, shu yo‘l bilan adolat qaror topayotganini ommaga oshkor qilishni rejalashtirganmiz», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top