10:45 / 28.11.2019
3
8851

Toshkent viloyatida kompyuterlarni sun'iy ravishda qimmat narxlarda xarid qilish holati aniqlandi

Foto: Flickr / Aleksandr Zykov

Toshkent viloyatida kompyuter texnikalarini sun'iy ravishda qimmat narxlarda xarid qilish holati aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinov ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent viloyati, Bo‘ka tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda tuman xalq ta'limi bo‘limi bosh hisobchisi J.M. va boshqalar O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga zid ravishda haqiqiy bahosi 3,3 mln. so‘m bo‘lgan kompyuter to‘plamlarining hujjatlarini soxtalashtirgan holda qimmat narxlarda  hisoblab, jami 375 ta kompyuter to‘plamlarini xarid qilishib, 623,7 mln. so‘m budjet mablag‘larini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan J.M. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Xabarda aytilishicha, hozirgi vaqtda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top