11:51 / 28.11.2019
0
6082

Toshkentda Isroil instituti filiali ochilishi mumkin

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida vazir S.Umrzoqov va Isroilning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi E.Shapira o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv chog‘ida tomonlar investitsion va savdo-iqtisodiy sheriklikni faollashtirish uchun Isroil va O‘zbekiston ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash istiqbollarini ko‘rib chiqib, ikki tomonlama hamkorlikning joriy holati to‘g‘risida fikr almashdilar.

Joriy yil davomida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Isroil tashqi ishlar vazirliklararo siyosiy maslahatlarning 5-raundi yakuni bo‘yicha erishilgan muhim yutuqlar, Agrobiznes forumi va «V2V» formatidagi qator ishbilarmon uchrashuvlari ta'kidlab o‘tildi.

O‘zbekiston iqtisodiyotining qishloq xo‘jaligi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sog‘liqni saqlash va ta'lim kabi asosiy va ijtimoiy ahamiyatga ega tarmoqlariga Isroil tajribasi va texnologiyalarini faol jalb etish hamkorlikni rivojlantirishning ushbu bosqichida ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Uchrashuv ishtirokchilari muhandislik matematikasi va kompyuter texnologiyalari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash maqsadida Toshkentda Xolon texnologiya institutini ochish istiqbollarini muhokama qildilar.

Savdoni rivojlantirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi - hozirgi vaqtda ikkala mamlakatda sanoatning rivojlanish darajasi savdo hajmini sezilarli darajada oshirish uchun yetarli, shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshidagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi va Isroilning eksport va xalqaro hamkorlik instituti (IEICI) eksport faoliyatini rivojlantirishda tajriba almashish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yadilar.

Uchrashuv yakunida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Isroil hukumatlararo komissiyasining birinchi yig‘ilishini o‘tkazish ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni tizimlashtirish va samaradorligini oshirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida ilgari surildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top