07:30 / 01.12.2019
12
32726

OTMda forma erkin bo‘lishi kerakmi? Partiyalar pozitsiyasini ma'lum qildi

28 noyabr kuni Toshkentdagi «Zarafshon» «Media Hall»ida siyosiy partiyalar vakillari ishtirokida «Oliy ta'lim tizimi: Mavjud muammolar va ularni hal qilish yo‘llari» mavzusida «Demokratik debat» tok-shousining navbatdagi soni suratga olindi. 

Unda jurnalistlar tomonidan debat mavzusidan kelib chiqqan holda, Respublikadagi aksariyat OTMlarida forma masalasi o‘qish sifatidan ko‘ra muhimroq masala bo‘lib qolayotgani hamda bu borada partiya vakillarining fikri qanday ekanligi borasida savol berildi.

Bu masalada birinchi bo‘lib «Adolat» SDP Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Farxod Ishankulov so‘z oldi.

«Biz Xalq ta'limi tizimida barcha o‘quvchilar uchun bir xil maktab formasi tashkil qilish tarafdorimiz. Nima uchun? Sababi, maktab o‘quvchisi – u hali murg‘ak. Biz har xil forma bilan o‘quvchilarning qalbida bir-biriga nisbatan adovat ruhi uyg‘onishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak.

Oliy ta'lim tizimida esa forma masalasi ixtiyoriy bo‘lishi kerak. Chunki oliy ta'lim muassasalari yoshlariga bir xil forma kiydirishdan hech qanday mantiq yo‘q.

Biz talabaning kiyimiga emas, olgan bahosiga qarab baho beramiz.

Yaqinda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida shu tartib joriy qilindi. Universitetdagi bu islohotni biz to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz», deydi u.

Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi bo‘limi boshlig‘i Boymurod Yusupov Oliy ta'lim muassasalari yoshlari milliy qadriyat va an'analardan kelib chiqib kiyinishi kerakligi haqida gapirdi.

«Biz milliy an'analarimiz, qadriyatlarimiz, tariximiz va ma'naviyatimizni esdan chiqarishimiz kerak emas. Qaytaraman, biz ulardan forma talab qilayotganimizda shu jihatlarni esdan chiqarishimiz kerak emas.

Talaba universitetga xohlagan kiyimida kelishi mumkin emas. Oliy ta'lim muassasasi bu – eng ilohiy, eng muqaddas dargoh. Shuning uchun ta'lim muassasalarida kiyinishni erkin qo‘yish bilan birga, bunga ma'lum tartib asosida yondashish kerak», dedi u.

Milliy tiklanish partiyasi vakili, pedagogika fanlari doktori, professor Nodira Egamberdiyevaning fikricha, partiya ta'lim muassasalarida forma majburiyligini yoqlamaydi.

«Talaba bo‘lish yoshiga yetgan har bir yosh bu masalaga erkin, aqlan va oqilona yondashishi kerak. Universitetlar bu – ta'lim dargohi, talaba ham shunga xos va mos kiyimda bo‘lishi kerak», deya fikr bildirdi Nodira Egamberdiyeva.

Savol yuzasidan O‘zLiDeP vakili, iqtisod fanlari doktori, professor Nodir Jumayev ham o‘z fikrlarini bildirdi.

«Qanday kiyim kiyish masalasi erkin bo‘lishi kerak. Ta'limda ma'no muhim. Bizda ta'limning rivojlanib ketolmayotganiga ham sabab shu, ya'ni, kiyimga va ko‘rinishga qarayapmiz. Odam kastyum-shim kiyib, bo‘yinbog‘ taqqani bilan aqlli bo‘lib qolmaydi.

Aslida, biz odamning o‘z bilimini oshirishi, mustaqil ta'limga e'tibor qaratishimiz kerak.

Kiyim har tomonlama insonni o‘ziga qulay bo‘lishi kerak. Men o‘zim Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘qiganman. U yerda kutubxonaga kirardik va kerak bo‘lsa, universitet hovlisida yotib o‘qirdik. Bizda-chi, hamma bir xil formada bo‘lishi kerak.

Men liberal g‘oyani ilgari surayotgan Iqtisodiyot universiteti rektorini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman», dedi u. 

Savol yuzasidan so‘nggi bo‘lib fikr bildirgan Ekologik partiya Markaziy kengashi ijro qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Saidrasul Sanginovga ko‘ra, masala sinchikovlik bilan, analizlardan kelib chiqib hal qilinishi kerak.

«Ixtisoslashgan ta'lim muassasalarida forma bo‘lishi bu zaruriy masala.

Ixtisoslashmagan ta'lim muassasalarida esa bu masalada o‘zining va jahonning tajribasidan kelib chiqishi kerak», deydi Saidrasul Sanginov.

Eslatib o‘tamiz, siyosiy partiyalar o‘rtasidagi debatlar O‘zbekiston Elektron Ommaviy Axborot Vositalari Milliy Assotsiatsiyasi tomonidan tashkil qilinmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top