08:31 / 03.12.2019
1
15429

Toshkentda issiqlik ta'minoti tizimi bo‘yicha yangicha tartib joriy etilmoqda 

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Toshkent shahrining issiqlik ta'minoti tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

a) Toshkent shahar hokimi Toshkent shahri issiqlik ta'minoti tizimini boshqarish faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi va uning lozim darajada ishlashi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi;

b) Toshkent shahar tumanlari hokimlari tegishli hududda issiqlik ta'minoti xizmatlarini ko‘rsatish sohasida quyidagilar uchun shaxsan javobgar hisoblanadi:

issiqlik ta'minoti korxonalari tomonidan xizmatlar tuziladigan shartnomalarga muvofiq ko‘rsatilishini, shuningdek, iste'molchilarga issiqlik energiyasi va issiq suv uzluksiz yetkazib berilishini ta'minlash;

issiqlik energiyasi va issiq suv uchun to‘lovlarning kvartiralar ichki hisobga olish uskunalari ko‘rsatkichlari, iste'molning normativ hajmlari va kvartiraning isitiladigan maydoni o‘lchami asosida o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini ta'minlashga, shuningdek, iste'molchilarning qarzdorligi kamaytirilishiga ko‘maklashish;

issiqlik ta'minoti tizimi obektlarining holati, foydalanilishi va ularga ta'mirlash xizmati ko‘rsatilishi ustidan nazoratni ta'minlash;

issiqlik energiyasi va issiq suvni hisobga olish uskunalarining almashtirilishi va o‘rnatilishini, shuningdek, issiqlik ta'minoti korxonalari tomonidan ularning plombalanishini tashkil etish;

issiqlik energiyasi va issiq suvdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olish;

v) Toshkent shahar tumanlari hokimlarining issiqlik ta'minoti tizimini boshqarish sohasidagi faoliyati samaradorligi tegishli hududda maqsadli indikatorlarning bajarilishi holati va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatidan kelib chiqqan holda Toshkent shahar hokimligi tomonidan yiliga kamida ikki marotaba baholanadi, shuningdek, mas'ul shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda rag‘batlantirish yoki javobgarlikka tortish choralari ko‘riladi.

Belgilanishicha, 2021 yil 1 yanvardan boshlab issiqlik quvurlarini rekonstruksiya qilishda majburiy tartibda issiqlikni saqlovchi, shu jumladan, penopoliuretandan tayyorlangan polimer izolyatsiyali va himoya qobig‘iga o‘ralgan, kanalsiz yotqizish imkonini beruvchi quvurlar ishlatiladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top