20:32 / 04.12.2019
1
10758

Intensiv usulda baliq yetishtiruvchi xo‘jaliklar uchun subsidiyalar berilishi kutilmoqda

Intensiv usulda (butun yil davomida) baliq yetishtirib berayotgan xo‘jaliklar uchun subsidiyalar ajratish masalasi hukumat tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqida «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi raisi Omon Musayev 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qildi.

«Hisob-kitob qilib chiqqanimizda, baliq tannarxida xarajatlar ancha yuqori bo‘lib qolyapti. Bu ozuqa yem, elektr energiyasi sarfi xarajatlari bilan bog‘liq. Shuning uchun dunyo miqyosida yetishtirib kelinayotgan osetr, losos, forel, karp baliqlarini yetishitirish uchun yuqori proteinli omuxta yem, elektr energiyasi sarfi xarajatlarini kamaytirish maqsadida intensiv baliq berayotgan xo‘jaliklarga subsidiya ajratish bo‘yicha taklif bilan chiqdik. Bu masala hozirda Moliya vazirligi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uyushma raisining so‘zlariga ko‘ra, baliq ishlab chiqarishni ko‘paytirish go‘sht, parranda mahsulotlariga bo‘ladigan bosmni kamaytiradi.

«So‘nggi vaqtlarda baliq narxida keskin ko‘tarilish kuzatilmadi. Faqatgina 10 foizgacha oshgan bo‘lishi mumkin. Bu 1 oktyabrdan qo‘shilgan qiymat solig‘i kiritilishi bilan bog‘liq. Agar ishlab chiqarilayotgan baliq hajmi ko‘paytirilsa, narx ham pasayadi», deydi Omon Musayev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonda baliq iste'mol qilish madaniyati yaxshi shakllanmagan.

«Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, inson o‘z salomatligi uchun 1 yilda 10-12 kg baliq yeyishi kerak. Lekin bizda baliq haftada, oyda bir marta yeyiladigan taom bo‘lib qolgan. Shunda ham moyda qizartirib, qovurib yeyishni yaxshi ko‘ramiz. To‘g‘ri, mazali bo‘ladi, lekin bunaqa pishirish zararli. Bir marta qiltanog‘i tomog‘iga tiqilib, umr o‘yi baliq yeyishdan qo‘rqib qolganlar ham bor. Lekin baliqni pashtet qilib chiqarsak, albatta, yeyiladi. Buning uchun baliqni qayta ishlashni oshirish lozim», deydi «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi raisi.

Ma'lum qilinishicha, hozirda respublika bo‘yicha baliq mahsulotlarini qayta ishlovchi 53ta korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular baliq konservalari, baliq filesi, baliq kotleti va tushkalarini ishlab chiqarmoqda. Umumiy hisobda bir yilda 14 ming tonna baliq qayta ishlanadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top