15:53 / 04.12.2019
0
20262

«Turkmanenergo» elektr uzatish tarmog‘ida tuzatish-ta'mirlash ishlari olib borilmoqda

Foto: RIA Novosti

Bugun, 2019 yil 4 dekabr kuni soat 10:53da «Serdar» (Turkmaniston) va «Qorako‘l» (O‘zbekiston) nimstansiyalarini bog‘lovchi 500 kVli havo elektr uzatish tarmog‘ida vaqtincha favqulodda o‘chish holati sodir bo‘ldi. Bu haqda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ Axborot xizmati bayonot berdi.

“Ushbu magistral elektr tarmog‘i orqali qo‘shni Turkmaniston energetika tizimidan soatiga o‘rtacha 650 MVt elektr energiyasi importi amalga oshirilmoqda edi.

Havo tarmog‘i o‘chishi sababli avariyaga qarshi avtomatika tizimi ishlashi oqibatida Navoiy, Buxoro va Surxondaryo viloyatlarida yuklamasi 375 MVtga teng iste'molchilar avtomatik tarzda tarmoqdan uzildi. Shuningdek, 40 MVt ABMK Buxoro viloyati hududiga qarashli nasoslar va 20 MVt Navoiy viloyati hududiga qarashli nasoslar tarmoqdan uzilgan.

Tarmoqdan uzilgan iste'molchilar va nasos stansiyalarini zudlik bilan ulash va elektr stansiyalaridagi zaxira quvvatlarini ishga kiritish bo‘yicha joylarga soat 10:57 da tegishli topshiriqlar berilgan va import amaliyoti vaqtincha to‘xtatilganidan qat'iy nazar o‘zbekistonlik iste'molchilarga elektr ta'minoti yetkazib berilmoqda.

«Turkmanenergo» davlat elektr energetika korporatsiyasi hududiy bo‘limlari tomonidan nosozlik sababini aniqlash va bartaraf etish maqsadida bir nechta brigadalar tashkil qilinib, magistral liniyalarining zarar yetgan joylarini aniqlash va bartaraf etish uchun yuborilgan. Ma'lum qilamizki, nosozliklar tez orada bartaraf etilib, elektr energiya importi amalga oshirilayotgan liniya qayta ulanadi.

Rasmiy bayonotlarimiz ijtimoiy tarmoq sahifalarida asossiz taxminlar orqali turlicha talqin etilmasligi uchun shuni alohida ta'kidlaymizki, «Serdar» va «Qorako‘l» podstansiyalarini bog‘lovchi 500 kvli elektr uzatish tarmog‘i «Turkmanenergo» davlat elektr energetika korporatsiyasi balansida bo‘lib, import amaliyotida vaqtincha uzilishlar bo‘lishi (tuzatish-ta'mirlash ishlarining olib borilishi) O‘zbekiston Respublikasi elektr energetika umumtizimiga jiddiy ta'sir ko‘rsatmaydi”, - deyiladi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ axborot xizmati xabarida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top