09:50 / 10.12.2019
0
6059

O‘zbekistonlik olimlar neft va gaz konlarida yong‘inning oldini oluvchi vosita ishlab chiqdi

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

O‘zbekiston olimlarining tadqiqot natijalarini amaliyotga keng joriy etish yiliga milliardlab so‘mni tejash, jahon bozorida raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, xususan, neft-gaz sohasidagi korxonalarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini muvaffaqiyatli amalga oshirish imkonini beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga ko‘ra, bunday samarali innovatsion ishlanmalardan biri – bug‘lanishning oldini olish va rezervuarlardagi neft mahsulotlarining to‘satdan olovini o‘chirishga mo‘ljallangan takomillashtirilgan suzuvchi pontonlar.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo institutida belgilangan vazifalar yuzasidan ilmiy ishlanmalar va izlanishlar olib borildi. Natijada mamlakatda ilk bor dunyoda o‘xshashi bo‘lmagan poliyetilentereftalatdan tayyorlangan yangi suzuvchi pontonlar ixtiro etildi va ularni ishlab chiqarish texnologiyasi yaratildi.

Poliyetilentereftalat (PET) ponton neft mahsulotlari va gaz kondensatini qabul qilish, uzatish, saqlash hamda rezervuarlarda to‘satdan yong‘in paydo bo‘lganida o‘chirish chog‘ida bug‘lanish orqali yengil uglevodorodlar yo‘qotilishini bartaraf etishga mo‘ljallangan. Bunday ponton maxsus yong‘inning oldini oluvchi, portlashga qarshi eritma va inert gaz bilan to‘ldiriladi.

Uning afzalligi shundan iboratki, u idishda rezervuardagi suyuq gaz kondensati ustki qismining 98 foizini qoplaydi. Shu bois uglevodorodlar bug‘lanishi keskin kamayadi. Bundan tashqari, pontonning har bir elementida yong‘in o‘chirishning texnik yechimi mujassam etilgan.

Bugungi kunga qadar temirli-qalquvchi konstruksiyali pontonlardan foydalanilardi. Ular korroziyaga chidamsizligi, cho‘kib ketish xususiyati, og‘irligi va bir tomonga egilib ketishi bilan ko‘p noqulayliklar tug‘diradi. Vaqt o‘tishi bilan ularning sirtida paydo bo‘ladigan pirofor qatlam esa portlash va yong‘inga olib kelishi mumkin edi. 2000 yili Ko‘kdumaloq neft-gaz kondensati konidagi yong‘in aynan pirofor qatlam tufayli yuzaga kelgan bo‘lib, yong‘in ulkan iqtisodiy va ijtimoiy-ekologik zarar keltirgan.

Yangi konstruksiyali pontondan foydalanilganda 2000 kvadrat metr hajmli rezervuarda yiliga 240 tonna yengil uglevodorod tejaladi. Hozirda suzuvchi pontonlardan foydalanish bo‘yicha tajriba-ishlab chiqarish testlari muvaffaqiyatli o‘tib, ular “O‘zbekneftgaz” AJning gaz-neftni qayta ishlash korxonalariga joriy etildi.

Loyihani amalga oshirish uchun bugungacha poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi sanoat zonasida texnologik uskunalarni o‘rnatish, montaj qilish va ishga tushirish ishlari amalga oshirildi. Bugungi kunga qadar 150 ming dona suzuvchi ponton ishlab chiqarildi va buyurtmachilarga yetkazib berildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top