21:04 / 11.12.2019
1
8979

Gruziya prezidentiga impichment bilan tahdid qilindi  

Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili Gruziyada biror hududni egallab olish uchun qurol va armiya hamda rivojlangan iqtisodiyot yo‘qligi va hech qachon bo‘lmasligini aytgandan keyin «darhol iste'foga ketishi lozim». Buni Gruziya muxolif partiyasi «Yagona milliy harakat» vakillari talab qilishgan.

Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili /Foto: EPA

Gruziyaning sobiq mudofaa vaziri Georgiy Baramidzening qo‘shimcha qilishicha, agar Zurabishvili ko‘ngilli tarzda ketmasa, muxolifat unga qarshi impichment jarayonini boshlaydi. Baramidzening ta'kidlashicha, buning uchun partiya boshqa fraksiyalar va mustaqil deputatlar bilan maslahatlashuvlarni boshlaydi.

Shuningdek, Zurabishviliga impichment e'lon qilishga «Yagona Gruziya – Demokratik harakat» muxolif partiyasi a'zosi Anzor Bitsadze ham chaqirgan. Uning aytishicha, Gruziya prezidentining so‘zlari «Gruziya armiyasiga na biror dushman, na biror do‘st hech qachon aytmagan haqorat» hisoblanadi.

Gruziya prezidenti yuqoridagi so‘zlarini mamlakatida AQSh harbiy bazalari joylashtirilishini ma'qullashga tayyormasligi haqida gapirganda aytib o‘tgan. Uning ta'kidlashicha, Tbilisi ig‘vogarlik deb qabul qilinishi mumkin bo‘lgan qadamlarni amalga oshirmasligi lozim. Shu bilan birga Zurabishvili Gruziyaning NATO va Yevropa Ittifoqiga kirishga intilayotganini qo‘shimcha qilgan.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top