13:27 / 16.12.2019
0
20749

O‘zbekiston elchixonasi AQShdagi eng katta masjidlardan birida juma namozi doirasida brifing o‘tkazdi

Joriy yilning 13 dekabr kuni O‘zbekistonning Amerika poytaxtidagi elchixonasi AQSh g‘arbiy sohilidagi eng katta masjid - Virjiniya shtati, Sterling shahridagi Dalles musulmon jamoatchilik markazi (ADAMS Center)da brifing o‘tkazdi. Ushbu tadbir juma namozi doirasida tashkil etildi. Unda 800 nafardan ortiq kishi ishtirok etdi.

Juma namozida mamlakatning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov chiqish qilib, Qo‘shma Shtatlar musulmonlari uchun O‘zbekistondagi ziyorat turizmining ulkan imkoniyatlari haqida so‘zlab berdi. O‘zbekistonlik diplomat juma namozida mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosi, an'anaviy islomiy qadriyatlarni jamiyatda saqlash va targ‘ib qilish, shuningdek, mamlakatda diniy erkinlikni ta'minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma'lumot taqdim etdi.

Masjid bosh imomi, ADAMS markazi rahbari Imom Majid namozxonlarga murojaat qilib, respublika rahbariyati tomonidan islom dini g‘oyalarini targ‘ib qilishga katta ahamiyat berilayotganini e'tirof etdi. «O‘zbekiston islomning asl mohiyatini saqlab qolib, uni o‘qitishning ilg‘or tajribalarini joriy etish, malakali mutaxassislar - islomshunos olimlar tayyorlash bo‘yicha kuchli o‘zbek maktabini yaratishga muvaffaq bo‘lgan mamlakat sifatida jahon hamjamiyati uchun namuna», - dedi u.

Imom Majidning ta'kidlashicha, «O‘zbekiston asrlar davomida bunyod etish muhiti hukmron bo‘lgan, yetakchi olimlar ishlagan, ilg‘or ilmiy ishlar ishlab chiqilgan islom sivilizatsiyasining marvarididir». U Imom al-Buxoriyning, Al-Xorazmiyning, Ibn Sinoning hissasini alohida qayd etib o‘tdi.

Amerikalik imomga ko‘ra, AQSh musulmonlar jamoatchiligi orasida milliy turistik brendni yanada ommalashtirish uchun mustahkam asos bo‘lgan bir qator omillar mavjud. Imom Majidning fikricha, O‘zbekiston avvalambor qadimiy shaharlarning boy me'moriy merosiga ega. Ikkinchidan, mamlakatda ko‘plab bebaho qo‘lyozmalar saqlanmoqda, shu jumladan Usmon Mushafi. Uchinchidan, respublikada islomiy ta'limotning institutsional asoslari yaratildi. To‘rtinchidan, hukumat ziyorat turizmini rivojlantirish mexanizmlarini faol joriy etmoqda. Beshinchidan, «O‘zbekiston dunyoga keng ochilmoqda».

Juma namozidan so‘ng Imom Majid bilan alohida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar chog‘ida amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi, jumladan, amerikalik musulmonlar guruhlarini muntazam ravishda O‘zbekistonga yuborish masalasi ko‘rib chiqildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top