13:30 / 18.12.2019
0
8448

Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga nomzod Erkinjon Turdimov saylovchilar bilan uchrashdi

Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga ko‘rsatilgan nomzodlar joylarda Saylovoldi tashviqotini olib bormoqda.

2-Afrosiyob saylov okrugidan xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga ko‘rsatilgan nomzod Erkinjon Turdimov ham Samarqand davlat universiteti qoshidagi akademik litseyda saylovchilar bilan uchrashdi.

Uchrashuvni nomzodni deputatlikka ko‘rsatgan O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Samarqand viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari Azimjon Soliyev olib bordi va to‘planganlarni nomzodning tarjimai holi bilan yaqindan tanishtirdi. Shundan so‘ng xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga nomzod Erkinjon Turdimov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan ma'ruza qildi.

Nomzod saylovoldi dasturida shahar aholisi turmush farovonligini oshirish, inson huquq va manfaatlarini ta'minlash, milliy ma'naviyatimizni yuksaltirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilanganligini alohida qayd etib o‘tdi.

Bu borada amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan istiqbolli loyihalar va ularning samaralari xususida saylovchilarga atroflicha axborot berdi.

Nomzod, shuningdek, Samarqand shahrida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik va yaratuvchilik ishlari haqida yig‘ilganlarga batafsil ma'lumot yetkazdi. Yo‘llarni ravonlashtirish, toza ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash borasida qilinayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Bajarilayotgan ishlar ko‘lamini taqqoslash uchun keyingi 10 yilda shaharda bor-yo‘g‘i 130 km. ichki yo‘llar, birgina joriy yilda esa shaharning 180 km masofadagi ichki yo‘llari ta'mirlanganini misol qilib keltirdi. Bunday bunyodkorlik ishlari 2020 yilda ham jadal sur'atlarda davom etishini bildirdi.

Uchrashuvda saylovchilar o‘zlarini qiynab kelayotgan ayrim masalalar yuzasidan nomzodga murojaat qilishdi. Murojaatlar asosini yo‘llarni ta'mirlash, elektr simlarini yangilash, hajga boruvchilarning elektron navbatini shakllantirish, bozorlarni tartibga keltirish, shahar chekkalarida avtoturargohlar tashkil etish kabi masalalar tashkil etdi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga ko‘rsatilgan nomzod Erkinjon Turdimov shu kuni shaharning Farhod qo‘rg‘onida va 10- son umumta'lim maktabida   ham saylovchilar bilan uchrashdi. Nomzod uchrashuvlarda aholini o‘z saylovoldi dasturi bilan yaqindan tanishtirib, saylovchilarni qiynab kelayotgan muammolar va ularning yechimi yuzasidan muloqotga kirishdi.

Farhod qo‘rg‘onida istiqomat qilayotgan fuqarolar kuz-qish mavsumida isitish tizimining ishlamasligidan shikoyat qilib, shu muammoni bartaraf etishda nomzoddan amaliy yordam ko‘rsatishini so‘radi. Bolalarning qishda sport bilan shug‘ullanishlari uchun qo‘rg‘onchada yopiq sport zali qurish zarurati mavjudligi aytib o‘tildi. Eskirgan toza ichimlik suvi quvurlarini yangilari bilan almashtirish, tabiiy gaz va toza ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash bo‘yicha takliflar bildirildi. Hududda to‘planib qolayotgan chiqindilarni o‘z vaqtida tashib ketishda ham muammolar kuzatilayotgani ta'kidlandi.

10-son umumta'lim maktabida kechgan samimiy ruhdagi uchrashuvda ham saylovchilar nomzodga mavjud muammolar bo‘yicha fikrlarini ochiq bayon etishdi. Jumladan, shaharda kanalizatsiya tarmog‘ini yaxshilash, ko‘chalarda yuzaga kelayotgan tirbandliklarni bartaraf etish, avtoturargohlar qurish, eski shaharning qadimiy qiyofasini asl holicha saqlab qolish, madaniy meros obektlariga bo‘lgan e'tiborni yanada kuchaytirish, sifatsiz dori-darmonlar savdosiga chek qo‘yish masalasi dolzarb vazifalar sifatida kun tartibiga olib chiqildi. 

Nomzod saylovchilar bilan bo‘lgan uchrashuvlarda ko‘tarilgan barcha masalalarga o‘z munosabatini bildirib, muammolar yechimi bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalarga to‘xtalib o‘tdi. Saylovchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar qaytardi.

Yolqin Oqbo‘tayev,
O‘zMTDP Samarqand viloyat
Kengashi Matbuot kotibi 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top