17:58 / 20.12.2019
0
4376

2019 yilda olib borilgan arxeologik qazuv ishlari natijalari ma'lum qilindi

Bugun, 20 dekabr kuni Axborot va ommaviy komunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi faoliyatiga doir «O‘zbekistonda arxeologik tadqiqotlar: yil yakuni bo‘yicha sarhisob» mavzusidagi matbuot anjumani o‘tkazildi.

Berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, 2019 yilda olib borilgan arxeologik qazuv ishlari natijasida:

- Surxon voxasidagi yuqori paleolit davriga oid birinchi yodgorlik hisoblangan Qoraungurdara g‘ori aniqlandi;

- Axsikent shahrida olib borilgan qazuv ishlari davomida tayyorlangan obektlarda birinchi zamonaviy tipdagi «ochiq osmon ostidagi muzey» ochildi. 2019 yilgi qazuv mavsumida Axsikent yodgorligida olib borilgan qazuv ishlari kengaytirilib, yana 6ta obekt ochiq osmon ostidagi muzey uchun tayyorlandi;

- Buxoro shahar shahristonida olib borilgan qazuv ishlari natijasida shahar hududi antik davrdan intensiv yashab kelingani o‘z tasdig‘ini topdi;

- Poykend yodgorligida miloddan oldingi III-II asrlarga oid qadimiy mudofaa devori qoldiqlari aniqlandi, yodgorlik ibodatxonasi hududida, shuningdek, ma'budlarga tortiq sifatida keltirilgan qimmatbaho qurol-yarog‘lar to‘plami aniqlandi;

- Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan Quyun yodgorligida olib borilgan qazuv ishlari natijasida bundan 3300 yil avval tog‘-adir qismlariga yoyilgan manzilgoh o‘rni aniqlandi;

- Xorazm viloyatida Xumbuz yodgorligida olib borilgan qazuv ishlari natijasida bundan 2800 yil avval faoliyat ko‘rsatgan eng qadimiy ibodatxona qoldiqlari ochildi;

- Samarqand viloyatida joylashgan va shahar tashqarisidagi Samarqand hukmdorlari qarorgohi sifatida Kofirqal'a yodgorligida saroyning ilk o‘rta asrlardagi to‘liq tarixi aniqlandi.

Tadbir davomida internetda tarqalgan, aholi uchastkalarida boyliklar jamlangan yirik xumlar chiqqani, ular odamlar tomonidan qazib olinayotgani haqida tarqalgan videolavhalar borasida izoh so‘raldi.

«Davlatimiz hududida odamlarning hovlilaridan topilayotgan va qazib olinayotgan yirik xumlar, boyliklar haqida bizda ayni paytda ma'lumot mavjud emas. Topilmalarga kelsak, O‘zbekiston hududi bejiz qadimiy madaniyat o‘chog‘i deb aytilmaydi. Har bir shahrimiz, qishlog‘imiz, tog‘imiz-u cho‘llarimizdan ham qadimiy buyumlar, boyliklar chiqib qolishi mumkin. Chunki biz azaldan Buyuk Ipak yo‘li markazida bo‘lganmiz.

Topilma topgan odam mahallaga, hokimiyatga murojaat qilishi kerak. Topilmalar Madaniyat vazirligining madaniy meros departamenti tomonidan o‘rganiladi. Bu departamentning inspektorlari hududlarda ham bor. Ular qadimiy obidalar, arxeologik obektlar kadastrlarini ham tuzishadi, ro‘yxatga olib borishadi. Topuvchini rag‘batlantirish ham topilgan buyumga qarab belgilanadi», dedi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi direktori Farhod Maqsudov.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top