15:33 / 23.12.2019
0
17861

Buxoroda o‘zini DXX xodimi deb tanishtirgan shaxs IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olindi

Illyustrativ foto

G‘ijduvon tumani IIO FMB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida G‘ijduvon tumani Buktaroy mahallasida ro‘yxatda turib, Buxoro shahar Gazli shoh ko‘chasidagi xonadonlardan birida vaqtincha yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan, muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan fuqaro S.O‘. 2019 yil avgust oyi boshlarida o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish maqsadida fuqaro S.Sh.ning ishonchiga kirib, unga o‘zini DXX Buxoro viloyati boshqarmasi xodimi deb tanishtirgani aniqlandi.

Buxoro viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, u S.Sh.ga 500 AQSh dollari evaziga Qorako‘l tumanidagi “Qandim” zavodiga ishga kiritishini va'da qilib, Buxoro shahridagi “Chevar” maishiy xizmat uyi oldida 500 AQSh dollarini qo‘lga kiritib, ushbu pullarni o‘z ehtiyojlari uchun sarflagan holda firibgarlik jinoyatini sodir qilgan.

Shuningdek, fuqaro S.O‘. o‘zining jinoiy xatti-harakatlarini davom ettirib, 2019 yil noyabr oyi boshlarida fuqaro U.Sh.ning ishonchiga kirib, unga ham o‘zini DXX Buxoro viloyati boshqarmasi xodimi deb tanishtirib, 500 AQSh dollari evaziga Qorako‘l tumanidagi “Qandim” zavodiga ishga kiritishini va'da qilib, aldab, ishonchini suiiste'mol qilgan holda 400 AQSh dollari, xuddi shu tarzda fuqaro U.Q.dan 2.850.000 so‘m naqd pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

O‘tkazilgan tadbir davomida fuqaro S.O‘. ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Undan DXX yozuvli soxta guvohnoma, fuqarolarning pasport nusxalari hujjatlashtirib olingan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra S.O‘.ning firibgarligi qurboniga aylanganlar soni 10 nafardan ortishi taxmin qilinmoqda.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro S.O‘.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi tegishli qism va bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, JPK 221-moddasi tartibida ushlangan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top