22:12 / 28.12.2019
5
23547

2020 yildan O‘zbekistonda o‘zbek va rus tilini bilish darajasini aniqlaydigan testlar amaliyotga tatbiq etilishi kutilmoqda

2020 yildan O‘zbekistonda o‘zbek va rus tilini bilish darajasini aniqlaydigan testlar amaliyotga tatbiq qilinishi va malaka darajasi to‘g‘risida sertifikat berish joriy etilishi kutilmoqda. Bu haqda bugun, 28 dekabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat test markazi rahbariyati va mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

“CEFR talablariga muvofiq davlat (o‘zbek) tili hamda rus tilini bilish darajasini baholash bo‘yicha B1 va B2 darajali test savollari ishlab chiqildi. 3ta variantda tayyorlangan testlar Bank-moliya, Davlat boshqaruvi akademiyasi tinglovchilari va DTM xodimlari ishtirokida aprobatsiyadan o‘tkazildi. Aprobatsiya natijalari statistik tahlil qilindi hamda bu tahlil xulosalari Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilgan. Test savollari takomillashtirilgach, 2020 yildan ularni amaliyotga tatbiq etish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, 396 nafar talabgor ishtirokida test sinovlarining yozma ishlari tekshirildi. Ayni paytda yangi tuzilgan testlarni  takomillashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”, deydi DTM Chet tilini bilish darajasini baholash boshqarmasi boshlig‘i Sardor Rajabov.

Matbuot anjumanida ma'lum qilinishicha, chet tilini bilish va egallash darajasini aniqlash hamda davlat namunasidagi malaka sertifikatini berish uchun 2019 yilda jami 14869 nafar talabgordan test sinovlari olingan. Bundan tashqari, chet tili o‘qituvchilariga ustama haq belgilash uchun 2772 nafar o‘qituvchi test sinovlarida qatnashgan.

Sardor Rajabovning ta'kidlashicha, DTM Chet tilini bilish darajasini baholash boshqarmasi tomonidan ko‘p darajali testlar (multilevel test) ishlab chiqilgan.

“Hozirgi kunda amaliyotda bitta darajaga topshiriladi, ya'ni A2dan boshlab C1 darajasigacha. Yangi ishlab chiqilgan formatda hamma daraja qamrab olinmaydi, faqatgina B1 va B2 darajasi qamrab olinadi. Shu bo‘yicha ishlab chiqilgan testlar Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti birinchi kurs talabalari ishtirokida aprobatsiyadan o‘tkazildi. Bu borada ham natijalar tahlil qilinib, test savollari takomillashtirish jarayonida, ya'ni aprobatsiya natijalariga ko‘ra testlar mutaxassislar tomonidan qaytadan ko‘rib chiqilmoqda”, deydi Rajabov.

Tadbirda chet tili o‘qituvchilariga ustama haq belgilash uchun test sinovlari ayni paytda may va dekabr oylarida o‘tkazilishi, o‘qituvchilarga yengillik yaratish maqsadida Britaniya kengashi bilan hamkorlikda “APTIS for teachers” testlarini joriy qilish rejalashtirilgani, buning uchun ustama haq testlarini o‘tkazish nizomiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha DTM direktorining buyrug‘i qabul qilingani ma'lum qilindi.  

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top