18:20 / 01.01.2020
1
70184

SSV O‘zbekistonda 2020 yilning dastlabki 18 soatida qancha chaqaloq tug‘ilganini ma'lum qildi

2020 yilning 1 yanvar kuni, soat 18:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 1111 nafar chaqaloq tug‘ildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayev xabar bergan.

Ma'lum qilinishicha, yangi yilning birinchi kuni tug‘ilgan chaqaloqlarning 572 nafari o‘g‘il bola, 539 nafari esa qiz bola bo‘lib, eng ko‘p bola Samarqand viloyatida (141 nafar) dunyoga keldi. 

Shuningdek, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar reytingi bo‘yicha Farg‘ona viloyati (137 nafar) va Qashqadaryo viloyati (134 nafar) kuchli uchlikni yakunlagan. Tug‘ilganlarning 4 nafari  egizaklar. Ayni paytda shifokorlar ularning barchasiga belgilangan standartlar bo‘yicha sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishmoqda.

«Yurtimizda shu kunlari bayram munosabati bilan davom etayotgan dam olish kunlarda  vazirlik tizimida mavjud birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatuvchi 2351ta ambulatoriya-poliklinika muassasalari, tuman, viloyat va respublika miqyosidagi barcha shifoxonalar, shoshilinch hamda  ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va ularning hududlardagi filiallari, shuningdek, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari klinikalari bilan bir qatorda  respublikamizdagi mavjud 218ta tug‘ruq komplekslarida bayram kunlari ham tibbiyot xodimlari navbatchilik asosida aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Ularda 230ga yaqin muntazam ishlayotgan navbatchi akusherlar brigadasi xizmat ko‘rsatyapti», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2019 yilning 1 yanvar kuni soat 19:00gacha 1442 nafar chaqaloq dunyoga kelgandi. 

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi aholisi soni 2019 yil 1 oktabr holatida 33 million 724 500 kishini tashkil etadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top