19:47 / 02.01.2020
1
9105

«Lokomotiv» Kirill Pogrebnyakni o‘z safiga qo‘shib olmoqda

Rossiyalik hujumchi Kirill Pogrebnyak Toshkentning «Lokomotiv» klubi bilan kelishuvga erishdi. Bu haqda Rossiyaning championat.com sayti xabar bermoqda.

«1 yanvar kuni 27 yoshli futbolchi erkin agent sifatida Shvetsiyaning «Falkenberg» klubini tark etdi. Kirill Pogrebnyak bu klubda mart oyidan buyon to‘p surayotgandi.

Kirill hozirda Rossiyaning «Ural» klubi futbolchisi sanalmish, 36 yoshli taniqli hujumchi Pavel Pogrebnyakning ukasi sanaladi.

27 yoshli futbolchi faoliyatini 2011 yilda Rossiyaning «Tom» klubida boshlab, «Fakel», «Zenit-2» va «Baltika» klublarida ham to‘p surgan. Pogrebnyak Shvetsiya chempionatining joriy mavsumida 19 o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 2ta gol yozib qo‘ygan», deyiladi manbada.

Ma'lumot uchun, 2018 yilgi mavsumda Kirill Pogrebnyakning yana bir akasi himoyachi Nikolay Pogrebnyak ham Toshkentning «Lokomotiv» klubida faoliyat boshlab, bor yo‘g‘i 2 o‘yinda maydonga tushib, jamoani tark etgandi.

Eslatib o‘tamiz, OChL saralash bosqichida to‘p suradigan «Lokomotiv» yaqinda yana bir hujumchi Marat Bikmayevni ham o‘z safiga qo‘shib olgandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top