16:55 / 02.01.2020
2
15569

SSV: O‘zbekistonda 2020 yilning birinchi kunida qariyb 2 ming chaqaloq tug‘ildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda 2020 yilning 1 yanvarida qancha chaqaloq tug‘ilgani haqida ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, yangi yilning ilk kuni davomida 1974 nafar chaqaloq dunyoga kelgan. Bu  so‘nggi uch yildagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. 2018 yilning birinchi kuni 1961 nafar, 2019 yilning birinchi kuni esa 1708 nafar chaqaloq tug‘ilgan edi. 

«2020 yilning 1 yanvar kuni tug‘ilgan chaqaloqlarning 970 nafari qiz, 1004 nafari esa o‘g‘il bola bo‘lib, eng ko‘p bola Samarqand viloyatida (235 nafar), ikkinchi o‘rinda Andijon viloyati (212 nafar) va uchinchi o‘rinda esa Farg‘ona viloyati (196 nafar)da tug‘ildi. Shuningdek, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar reytingining so‘nggi o‘rinlaridan Navoiy viloyati 46 nafar, Sirdaryo viloyati 51 nafar va Jizzax viloyati 75 nafar ko‘rsatkich bilan joy oldi. Dunyoga kelgan chaqaloqlarning 10 nafarini egizaklar tashkil qiladi.

Shu kunlari bayram munosabati bilan davom etayotgan dam olish kunlarida yurtimizdagi mavjud 218ta tug‘ruq kompleksida 2593 nafar tibbiyot xodimlari, jumladan, 389 nafar akusher ginekolog, 276 nafar neonatolog, 1928 nafar doya va hamshiralar tun-u kun faoliyat ko‘rsatishmoqda.

Shuni ham aytish kerakki, so‘nggi yillarda homilador ayollar va chaqaloqlarni perinatal hamda neonatal skriningdan o‘tkazish orqali ularda tug‘ma va irsiy kasalliklarni erta aniqlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Hududlarimizdagi bolalar davolash muassasalarida oldinlari mavjud bo‘lmagan neonatal xirurgiya, kardioxirurgiya, invaziv xirurgiya, qizlar ginekologiyasi kabi ko‘plab yangi bo‘limlar tashkil etilib, eng qiyin amaliyotlar viloyatlarning o‘zida muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda. 

Qolaversa, yurtimiz perinatal muassasalari zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanishi barobarida mutaxassislarimizning ham malakasini oshirish orqali eng kam vaznli, hatto 500 grammlik go‘daklarni ham parvarish va reabilitatsiya qilish samarali amalga oshirilmoqda. Bu o‘zgarishlar yurtimizda ayollar salomatligini mustahkamlashga, onalar va go‘daklar o‘limi keskin kamayishiga sabab bo‘lmoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top