14:00 / 03.01.2020
14
57612

Zoyir Mirzayev qo‘ylarni so‘yishga topshiriq bermagani ma'lum qilindi, viloyat prokuraturasi vaziyatni nazoratga oldi

Qashqadaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev viloyatning Nishon tumanidagi dalani payhon qilgan qo‘ylarni so‘yib tashlash haqida topshiriq bermagan. Bu haqda hokimlik axborot xizmati ma'lum qildi.

Viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Ahror Sodiqov viloyat qishloq xo‘jaligi inspeksiyasi boshlig‘i Akrom Aripov bilan telefon orqali muloqot o‘tkazgan.

«Mazkur audioda barchasiga to‘liq oydinlik kiritilgan. Unda Zoyir Mirzayev holatga qonun doirasida ish ko‘rilishi kerakligi haqida topshiriq bergani Aripov tomonidan ta'kidlangan.

Audio taraflarning roziligi bilan tarqatilmoqda. Keyinroq viloyat matbuot xizmati bu bo‘yicha yanada batafsil ma'lumot berishni maqsad qilgan.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati OAV va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan ushbu masalaga faktlarga asoslanib, xolis va ayblovlarsiz yondashishi kerakligini so‘rab qoladi», deyiladi hokimlik matbuot xizmati xabarida.

Xabarga audioyozuv ilova qilingan.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyati prokuraturasi ushbu voqeaga e'tibor qaratgan. 

«Joriy yilning 2 yanvar kuni internet nashrlarida «Qashqadaryo hokimi dalani payhon qilgan qo‘ylarni so‘yishni buyurdi» sarlavhasi ostida videolavha nashr etilgan.

Mazkur videolavhada viloyat qishloq xo‘jaligi inspeksiyasi boshlig‘i Akrom Aripov, Nishon tumani IIB boshlig‘i Dilshod Umarov, Ibn Sino mahallasi hududidagi «Otamurod ota» fermer xo‘jaligi rahbari Sherzod Bobonazarov hamda dalani payhon qilgan 21 bosh qo‘y egasi Abdurashid Azamatov ishtirokida viloyat hokimi topshirig‘iga ko‘ra, g‘alla maydoni payhon qilingani uchun fermer xo‘jaligi rahbari va payhon qilgan qo‘y egasiga tegishli 1 boshdan (jami 2 bosh) qo‘y so‘yilib, kam ta'minlangan oilalarga tarqatilishi holati aks etgan. 

Mazkur holat Nishon tumani prokuraturasining «Shakl-1» kitobiga ro‘yxatga olinib, tegishli tartibda xizmat tekshiruvi tayinlangan bo‘lib, tarqatilgan videolavhaning haqqoniyligi, qachon, qayerda va qanday holatlarda yuz bergani hamda boshqa holatlar o‘rganilmoqda.

O‘rganish natijalari har tomonlama qonun doirasida ko‘rib chiqilib, qonuniy qaror qabul qilinishi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan», deyiladi Qashqadaryo viloyat prokuraturasi ma'lumotida.

Telegramdagi muxbir.uz kanali muallifi esa viloyat prokuraturasi videodagi qassobni e'tibordan chetda qoldirganiga urg‘u qaratgan.

«Viloyat prokuraturasi voqea qahramonlarining barchasini tilga olibdi-yu, qassobni e'tibordan chetda qoldiribdi. Voqeaning asosiy ishtirokchisi bo‘lgan qassob — aslida inspeksiyaning tuman bo‘limi boshlig‘i Abror Rahmatov. Viloyat prokuraturasidan voqea qahramonlarining asosiysi — qassobni ham e'tibordan chetda qoldirmasliklarini so‘ragan bo‘lardik», deyiladi xabarda.

2 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlar va internet-nashrlarda Nishon tumanidagi «Otamurod ota» fermer xo‘jaligida dalani payhon qilgan 21 bosh qo‘y viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoir Mirzayevning topshirig‘iga asosan, viloyat qishloq xo‘jaligi inspeksiyasi boshlig‘i Akrom Aripov nazorati ostida so‘yilib, go‘shti kam ta'minlangan oilalar va qishloq xo‘jaligi texnikalarini ta'mirlayotgan ustalarga berilgani xabarlar tarqalgandi.

 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top