18:44 / 04.01.2020
0
11529

Liviya parlament hukumati Turkiya bilan aloqalarni uzish uchun ovoz berdi

Foto: REUTERS/Costas Baltas

Liviya sharqida joylashgan vakillar palatasi (saylangan parlament) bir ovozdan mamlakatning Turkiya bilan aloqalarini uzishi uchun ovoz berdi. Bu haqda Sky News Arabia telekanali xabar bermoqda.

Parlament shuningdek, qurolli kuchlar bosh shtabiga qurolli guruh nazorati ostidagi aeroportlar, portlar va o‘tkazish punktlarini yopish vakolatini berish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi.

Deputatlar avvalroq Fayoz Saroj boshchiligidagi milliy kelishuv hukumati va Turkiya o‘rtasidagi harbiy hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni bekor qilish uchun ovoz bergandi.

Turkiya va Liviya milliy kelishuv hukumati o‘rtasida harbiy hamkorlik to‘g‘risidagi bitim 2019 yil noyabrida Fayoz Sarojning Anqaraga tashrifi davomida imzolangandi.

2011 yilda Liviya rahbari Muammar Qazzofiy hokimiyatdan ag‘darilib, o‘ldirilganidan keyin mamlakatda bir-biriga qarshi bo‘lgan qo‘shhukmronlik vujudga kelgan: G‘arbda poytaxt Tripoli atrofida shakllangan, BMT tomonidan tan olingan Saroj boshchiligidagi hukumat, sharqda Bengazini markaz qilgan, amalda marshal Xalifa Haftar tomonidan boshqariladigan parlament hukumati.

Xalifa Haftar boshchiligidagi Liviya milliy armiyasi 2019 yilning aprel oyida Tripoliga yurish boshlagandi, ammo hali natijaga erisha olmagan.

Tashqaridagi kuzatuvchilar tasdiqlashicha, Tripolidagi hukumatni Turkiyadan tashqari, Qatar, Italiya va AQSh, Xalifa Haftarni esa Misr, Birlashgan Arab Amirliklari, Iordaniya, Fransiya va Rossiya qo‘llab-quvvatlaydi.

Mavzu
Liviyadagi urush
2011 yildan buyon fuqarolik urushi holatida bo‘lgan Liviyada vaziyat yanada chigallashmoqda. Turkiya Liviya bilan harbiy sohadagi hamkorlik asosida Afrika shimoliga o‘z harbiylarini yo‘llamoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top