17:55 / 04.01.2020
1
13848

SSV nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulaylik yaratish uchun rejalashtirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma'lumot berdi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida 2020 yilning ilk matbuot anjmunini boshlab berdi. Unda «Nogironligi bo‘lgan shaxslarga alohida e'tibor: nogironlikni belgilash tartiblari va yaratilayotgan imtiyozlar» mavzusi muhokama qilindi.

«Yurtimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash borasida muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, so‘nggi uch yil ichida 64 ming nafar yolg‘iz keksalar, pensionerlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘z uyida tibbiy-ijtimoiy xizmat bilan qamrab olindi. 74 ming nafardan ziyod nogironligi bo‘lgan shaxsga tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatildi. Ushbu yo‘nalishda kadrlar tayyorlash, ilm-fanni rivojlantirishga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Jumladan, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti negizida birinchi marta ijtimoiy tibbiyot kafedrasi tashkil etildi. Mamlakatimizda ilk bor nogironlarning haq - huquqlarini himoya qiluvchi qonun loyihasi tayyorlanib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Bu haqda bugun  Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida 2020 yilda ilk bor  tashkil etilgan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarga alohida e'tibor: nogironlikni belgilash tartiblari va yaratilayotgan imtiyozlar” mavzusidagi matbuot anjumanida aytib o‘tildi.

Unda qayd etilganidek, bugungi kunda mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami – yolg‘iz keksalar, pensionerlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy muhofazalash borasida zamonaviy tizim yaratilgan. Prezidentimizning 2017 yil 1 dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2018 yil 20 iyunda “Protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari ishlab chiqarilishini rivojlantirish hamda tibbiy-ijtimoiy muassasalarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida keyingi yillarda bu yo‘nalishdagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi tashkil etilishi bu yo‘nalishda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarning izchilligi va manzilliligini ta'minlashda muhim omil bo‘lmoqda. Bugungi kunda agentlik tizimidagi reabilitatsiya markazlarining moddiy-texnika bazasini kuchaytirish borasida maqsadli ishlar amalga oshirilmoqda. Tadbirda, shuningdek, yurtimizda faoliyat yuritayotgan jami 107 ta tibbiy-mehnat ekspertiza komissiyalari faoliyatini zamon talabidan kelib chiqib takomillashtirish, nogironlikni belgilashda shaffoflik va ochiqlikni ta'minlash, bunda zamonaviy uslublarni joriy qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayot sifati va darajasini oshirish, ular uchun qulay va maqbul muhitni ta'minlash, ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar samaradorligi va natijadorligini oshirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar ham tahlil etildi.

 

Xususan, mamlakatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan qator huquqiy hujjatlarda 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar to‘g‘risida tibbiy xulosa berish tartibini takomillashtirish, shaffoflik va ochiqlikni ta'minlash, korrupsiyaviy omillarni keskin  bartaraf etgan holda zarur tartib-taomillardan o‘tish muddatlarini qisqartish va uni tartibini soddalashtirish, ayrim toifadagi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun tibbiy tekshiruv o‘tkazmasdan nogironlikni belgilashni  joriy etilishi kabi ko‘pgina masalalar ko‘zda tutilgan. Ayni paytda ushbu vazifalardan kelib chiqib, tizimdagi tibbiy-maslahat komissiyalari va tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari faoliyati tubdan  qayta ko‘rib chiqilib, huquqiy me'yoriy hujjatlar tayyorlanmoqda.

Bundan tashqari, matbuot anjumanida hozirda tegishli vazirlik va idoralar hamkorligida  nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulaylik yaratish maqsadida  jamoat transportida ko‘targichlar, bino va inshootlarda panduslar qo‘yilishi, bekat va marshrutlarni  eshittiruvchi moslama, elektron ma'lumotli tablolar bilan jihozlanishi, tovush chiqaruvchi svetoforlar o‘rnatilishi kabi qator  vazifalar ustida amaliy ishlar boshlanganligi xususida ham axborot berildi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top