18:53 / 06.01.2020
8
101899

AQShning Sulaymoniydan avvalgi dushmanlari: Saddam Husayndan al-Bag‘dodiygacha

Eronning eng nufuzli shaxslaridan biri bo‘lgan general Qosim Sulaymoniyning AQSh harbiy operatsiyasi natijasida o‘ldirilishi jahon bo‘ylab shov-shuv ko‘tardi. Kimdir AQShning o‘zga davlat hududida ruxsatsiz harbiy harakat olib borishi va yana bir davlatning arbobi yo‘q qilinishini qoralagan bo‘lsa, yana kimlardir bu harakat ko‘pchilikka dushman maqomini saqlab turgan Eronni jilovlashda muhim qadam bo‘lganini olqishlamoqda.

Sulaymoniyni o‘ldirishga shaxsan topshiriq bergan Donald Tramp, u yo‘q qilingandan keyin eronlik general jahonning birinchi raqamli terrorchisi bo‘lgani va Yaqin Sharq hududida halok bo‘lgan millionlab kishilar o‘limiga javobgar ekanligi, bundan keyin ham yangi teraktlar o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rgani haqida aytib o‘tdi.

Quyida AQShning bevosita yoki bilvosita aralashuvi bilan jismonan yo‘q qilingan 5 shaxs keltiriladi.

  • Qiziq fakt: o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgandan buyon AQSh harbiy harakatlar olib bormagan biror yil bo‘lmagan. Lekin shunga qaramay  beqiyos harbiy qudratga ega bu davlat bor-yo‘g‘i 11 marta rasman urush e'lon qilgan.

Saddam Husayn

© AFP 2019, DAVID FURST

Saddam Husaynni ko‘pchilik yoqtirmasdi. O‘z xalqini uzluksiz qiynoqda tutgani, hokimiyatning barcha tizginini o‘zida saqlagani, namoyishlarni ayovsiz bostirgani, o‘g‘illarining beboshliklari va eng muhimi – Eron bilan tinkani quritgan urush olib borgani ko‘pchilikda bu arbobga nisbatan nafrat shakllantirgandi. AQSh 1990 yilda ham Kuvaytni himoya qilish maqsadida Iroqni bombardimon qilgandi. 2003 yilda boshlangan navbatdagi urush natijasida esa Saddam Husayn taxtdan ag‘darildi va qochib qoldi. Ammo ko‘p o‘tmay iroqlik sobiq diktator AQSh askarlari tomonidan ushlandi va 2006 yilda Iroq oliy sudi hukmi bilan qatl qilindi. Bu sud kimning ta'siri ostida hukm chiqargani bo‘yicha bahslar hanuz davom etadi. 

Usama bin Lodin

Bin Lodin 2001 yil 11 sentyabrda Nyu-Yorkdagi «egizak minoralar» va boshqa qator obektlarga qilingan zarbalar ortidan «birinchi raqamli terrorchi» nomini olgandi. Usamaning boshi uchun AQSh 25 mln. dollar va'da qildi va uni 10 yil qidirdi.

Pokistonning Abbotobod shahrida yashirinib yurgan bin Lodin baribir topildi va 2011 yilning 2 may kuni maxsus operatsiya chog‘ida o‘ldirildi. AQSh harbiylari tomonidan o‘tkazilgan bu operatsiyani prezident Obama boshliq AQSh arboblari bevosita kuzatib borishdi.

Qabri tavof qilinmasligi maqsadida Usama bin Lodinning jasadi dengizga cho‘ktirib yuborilgan.

Pokiston o‘z hududida ruxsat berilmagan operatsiyani amalga oshirgani uchun qattiq norozilik bildirgan, ammo baribir AQShning zalvori oldida hech narsa qila olmadi.

Muammar Qazzofiy

Liviya yetakchisi, polkovnik Qazzofiyning ham dushmanlari yetarlicha edi. O‘z davlatida shohlik tuzumi va mutlaq hokimiyat o‘rnatgan Muammar Qazzofiy turli davlatlardagi urushlarni qo‘llab turgani haqida ham ma'lumotlar mavjud. Shuningdek, mazkur polkovnik aql bovar qilmas darajada katta boylik to‘plagan, ko‘plab o‘g‘illari ham maishat ichida hayot kechirishardi. AQShning 40-prezidenti Reygan Qazzofiyni «quturgan it» deb atagani ham bu ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni ifodalab bera olardi.

Sharqning qator davlatlarida boshlangan taloto‘plar bu davlatni ham chetlab o‘tmadi. Turli davlatlar, jumladan NATO tomonidan qo‘llangan muxolifat kuchlari Liviya hududlarini birin-ketin egallay boshladi. Havodan berilgan zarbalarga qarshi Qazzofiy askarlari samarali vosita topa olmadi. Oxir-oqibat polkovnik poytaxt Tripolini tark etishga majbur bo‘ldi. Uning so‘nggi qarorgohi – Sirt shahri ham ishg‘ol qilinganidan so‘ng Qazzofiyni olib qochishga uringan avtomobillar karvoniga havodan zarbalar berildi.

2011 yilning 20 oktabr kuni Liviyani 42 yil boshqargan polkovnik yarador holda qo‘lga olindi va azoblab o‘ldirildi. Ta'kidlash joizki, bu jarayonda AQSh bevosita ishtirok etmagan. Ammo Qazzofiyning o‘limi haqidagi xabarni eshitgan AQSh Davlat departamentining o‘sha vaqtdagi rahbari Hillari Klinton «bu juda yaxshi xabar, biz uning o‘lganiga guvoh bo‘ldik» degani qayd etilgan.

Abu Bakr al-Bag‘dodiy

Qisqa muddatda aql bovar qilmas darajadagi xunrezliklarni amalga oshirgan IShID terrorchilik guruhi yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiy eng ko‘p qidirilgan terrorchilar ro‘yxatida birinchi edi. AQSh uning boshini 10 yil qidirilgan bin Lodinniki bilan teng baholagandi – 25 mln. dollar.

Suriya va Iroqdagi qator hududlarini asta-sekin boy bergan al-Bag‘dodiy uch yil davomida ming yashirinmasin oxir-oqibat AQSh harbiy-havo kuchlari aviazarbasi paytida o‘zini portlatib halok bo‘ldi.

Tramp ham Obama kabi bu operatsiyani bevosita kuzatib bordi va xuddi kino ko‘rgandek bo‘lganini bildirdi. Tramp bu operatsiyani katta yutuq sifatida baholadi hamda «Bag‘dodiy it kabi o‘lim topdi» deya ta'rifladi.

Qosim Sulaymoniy

2020 yilning 3 yanvariga o‘tar kechasi general Qosim Sulaymoniy Bag‘dod aeroporti yaqinida avizarba natijasida o‘ldirildi.

Erondagi juda katta qudratga ega bo‘lgan Islom inqilobi muhofizlari korpusining maxsus bo‘linmasi «Al-Quds» qo‘mondoni bo‘lgan general AQSh tomonidan yo‘q qilinishi ko‘pchilik uchun kutilmagan hol bo‘ldi. Sababi, oldingi maxsus operatsiyalarning qurbonlari juda ko‘p davlatlar tomonidan xalqaro jinoyatchi deya tan olingan, sirtdan bo‘lsada, hukm o‘qilgan edi.

Ammo amalda AQSh bilan bevosita urush jarayonida bo‘lmagan Eronning ikkinchi raqamli davlat arbobi uchinchi bir davlatda hech bir sud va tergovsiz yo‘q qilinishi turlicha baholandi.

Kutilganidek, Eron bu yo‘qotish uchun ayovsiz qasd olinishini bildirdi, AQSh prezidenti esa Eronning harbiy harakat boshlashi bu davlat uchun halokatli bo‘lishi haqida ogohlantirdi.

Hozir har ikki davlat jangovar shaylikni kuchaytirgan va hatto ayrim ekspertlar mavjud vaziyatni «uchinchi jahon urushi» oldidagi holat deya baholashmoqda.

Abror Zohidov

Mavzu
Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi
Eron tashqi siyosati bunyodkori, Yaqin Sharq bo‘yicha bosh strategi, Eron Islom inqilobi muhofazasi korpusi tarkibidagi «Kuds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy Bag‘doddagi aeroportda AQSh prezidenti Donald Tramp farmoyishiga binoan o‘ldirildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top