17:33 / 06.01.2020
0
14217

Chiro Immobile. Ikkinchi urinishda Levandovski va Ronalduni ortda qoldirayotgan Italiya qiroli

Chiro Immobile – bugungi kunda A Seriyaning asosiy yulduzi. 17-turdan so‘ng uning hisobida 19 gol bor va to‘purarlar bahsidagi ta'qibchilardan ancha oldinga o‘tib ketgan.

Xususan, Romelu Lukaku hisobida 12, Krishtianu Ronalduda esa atigi 10 gol bor, xolos. Bundan tashqari, Chiro 5 marta sheriklariga golli uzatmalar amalga oshirgan, ya'ni rimliklar urgan 40 golning 22tasida yaqinda 30 yoshga to‘ladigan hujumchi ishtirok etgan.

Umuman, Yevropa miqyosida ham Immobilening natijalari tahsinga loyiq – faqat Levandovski kuchli beshlikda Immobile bilan teng kela olyapti, xolos. Odatda gol urish qiyinroq (Ronaldudan so‘rang) sanalgan va odatda, to‘purarlar mavsumda 30talik dovonni zabt etavermaydigan A Seriyadagi bunday samaradorlik tabiiyki, futbolchini mavsumning birinchi yarmida Yevropaning asosiy yulduziga aylantiradi.

Immobile «Latsio»da endigina to‘rtinchi mavsumni o‘tkazayotgan bo‘lsa-da, qisqa muddatda u «Latsio» afsonalari darajasiga chiqib bo‘ldi – shu muddatda u har mavsumda kamida 15tadan gol urishga muvaffaq bo‘ldi. 2014/15 yilgi mavsumdan keyin ilk marta to‘purarlar bahsida «Latsio» futbolchisi o‘zini ko‘rsatmoqda. O‘shanda Miroslav Kloze 13 goli bilan ruyxatda 9-o‘rinda qolib ketgandi.

Immobilening ajoyib sport formasi va ko‘rsatkichlari uning individual mehnatigina emas, «Latsio»da hujumchining maksimal darajada o‘zini ko‘rsatishi uchun barcha sharoitlar muhayyo qilinganida hamdir.

Indzagi u bilan a'lo darajada munosabat o‘rnatgan, kechki ovqatlanish chog‘ida ular birga o‘tirishadi, gollarni ham birga nishonlashadi. Siz so‘nggi yillardagi butun Italiya matbuotini titib ham, Indzagining Immobile haqidagi birorta tanqidiy fikrini topa olmaysiz. Indzagi jamoasining eng yaxshi futbolchisini yaxshi ko‘radi va hech qachon omma oldida uning xatolari haqida so‘z yuritmaydi.

Masalan, Indzagining hujumchi haqidagi so‘nggi fikrlari:

«Sassuolo»ga qarshi o‘yinda Immobile penalti tepish huquqini Luis Albertoga bergani haqida:

  • «U ajoyib futbolchi. Bu vaziyat esa, uning qanchalik katta futbolchi ekanini va inson sifatidagi fazilatlarini namoyon qildi. U nafaqat o‘zida, balki atrofidagi insonlarda ham hammasi a'lo bo‘lishini istaydi»

Mavsum haqida:

  • «Latsio»da hammasi joyida va men bundan juda xursandman. Keyin ham xuddi shunaqa o‘ynasak, zo‘r bo‘lardi. Kimidir alohida ajratib ko‘rsatish odatim yo‘q, lekin Sergey Milinkovich-Savich va Immobileni e'tirof etgan bo‘lardim. Ular atrofida butun jamoa qurish mumkin bo‘lgan haqiqiy yetakchilardir»

«Torino» darvozasiga dubldan so‘ng:

  • «U – muhtasham. Chiro bilan munosabatlarimiz yaxshi, lekin shaxsan o‘ziga maqtov so‘zlar aytmayman. Yaxshisi, bu ishni matbuot orqali qilganim yaxshi, shunda hamma u haqidagi fikrimni bilib oladi».

O‘tgan yilning sentyabrida Immobile va Indzagining munosabatlari darz ketishiga sal qolgandi. Chiro «Parma»ga qarshi o‘yinda ertaroq almashtirilganidan norozi bo‘ldi va mikst-zonada hatto murabbiyning qarorini tanqid ostiga oldi. Bir oy o‘tib esa, DAZN nashriga bergan intervyusida o‘sha voqea ularning munosabatlarini yanada mustahkamlaganini ta'kidladi va «Sassuolo» bilan o‘yinda golni murabbiy bilan nishonlab, barcha shubhalarga chek qo‘ydi.

ESPN va The Guardian nashrlarining A Seriya bo‘yicha ixtisoslashgan muxbiri Jyeyms Hornkastlning insaydlariga ko‘ra ham barchasi yaxshi – murabbiy eng ko‘p vaqtini Immobile bilan birga o‘tkazadi, hatto ovqatlanish paytlarida ham ular birga o‘tirishadi, murabbiy jamoani aynan ushbu hujumchi atrofida qurishga harakat qilmoqda. Atigi bir necha yil oldin esa, biz go‘yoki, Immobilening eng yuqori nuqtasini ko‘rgandik va undan yaxshi hujumchi chiqishiga ko‘pchilik ishonmay ham qo‘ygandi. Germaniya («Borussiya» Dortmund) va Ispaniyadagi («Sevilya») muvaffaqiyatsizliklar bu farazni yaxshigina isbotlardi ham.

Chiro aslida Neapoldagi Torre-Anunsiata shaharchasida tug‘ilgan bo‘lsa-da, katta klublar ichida birinchi bo‘lib «Yuventus» e'tiboriga tushgan. «Sorrento» akademiyasida tarbiyalangan Chironi 2008 yilda turinliklar o‘z saflariga qo‘shib oladi. U Ayub Dovud ismli hujumchi bilan birgalikda «Yuventus» yoshlar jamoasida ajoyib tandem hosil qiladi va ular tengqurlari ichida nufuzli turnirda g‘olib chiqishadi. O‘shanda Chiro turnir to‘purari bo‘lgan va tabiiyki, keyingi mavsumdan «Yuventus»ning asosiy tarkibiga ham jalb qilinadi. 2009 yilning martida u turinliklar safida debyut qiladi va Alessandro Del Peroning o‘rniga maydonga tushadi. Xuddi shu o‘yinda Ayub Dovud ham ilk marta maydonga tushgandi.

Turin klubidagi raqobat Chironing o‘sishi uchun xalaqit qilishi tabiiy edi, shu tufayli ijarama-ijara o‘tadigan yillar boshlandi. «Siyena», «Grosetto» va «Peskara» klublaridagi mavsumlardan faqat oxirgisi esda qolardi bo‘ldi – Chiro 37 o‘yinda 28 gol urib, jamoasiga A Seriya yo‘llanmasini olishda yordam berdi. O‘sha mavsumdan so‘ng «Jyenoa» ushbu futbolchiga egalik huquqining yarmini «Yuventus»dan sotib oldi. 2012/13 yilgi mavsumda genuyaliklar safida asosiy tarkibda o‘ynagan Immobile u qadar ishonchni oqlay olmadi va Turinning boshqa klubi «Torino»ga sotib yuboriladi.

Hujumchi ilk yorqin mavsumini aynan «Torino»da o‘tkazdi. 33 o‘yinda 22 gol urish o‘rtamiyona jamoa hujumchisi uchun ajoyib natija edi. Aynan o‘sha yili u Italiya terma jamoasiga ham chaqirilib, debyut golini urishga ham muvaffaq bo‘ldi. Bir qator kuchli klublar Chiroga «og‘iz sola boshladi», ular qatorida Yurgen Kloppning «Borussiya»si ham bor edi. Klub uchun 19 million yevro, yiliga 2 million yevro maosh Chiro uchun juda yaxshi transfer taklifi edi. Transfer summasini «Yuventus» va «Torino» bo‘lib oldi.

Qahramonimiz Dortmunddagi faoliyatini jamoaning asosiy hujumchisi sifatida boshlagan bo‘lsa-da, asta-sekin zaxira variantiga aylana boshladi.

Aslida muammo faqat Chironing o‘zida emasdi, o‘sha mavsum Kloppning Bundesligadagi so‘nggi mavsumi bo‘lib, jamoa juda beqaror o‘ynagan va ko‘p vaqt davomida turnir jadvalining ikkinchi qismida yurib, mavsumni 7-o‘rinda yakunlagandi. Eng yomoni, o‘sha mavsum arafasida, yozda «Borussiya» asosiy hujumchisi Robert Levandovskini «Bavariya»ga sotgan, Chirodan aynan uning o‘rnini bosish talab qilinardi. Immobilening o‘zi nemislarning juda yopiq xalq ekanidan qiynalgan, aytishicha, sakkiz oy davomida o‘ziga birorta ham do‘st topa olmagan ekan. Buning ustiga, yuqorida aytilganidek, undan Levandovski natijalarini talab qilishar, har muvaffaqiyatsiz o‘yindan keyin tanqidlar markazida qolardi. Tabiiyki, Italiyaning o‘rtamiyona klubidan kelgan hujumchi uchun bunday bosimlar begona edi.

Ispaniyada esa unga Unai Emeri ishonch bildirmadi. Transfer huquqi Dortmund klubiga tegishli bo‘lgan Chiro 2015/16 yilgi mavsumning ilk yarmini ijara asosida «Sevilya»da o‘tkazdi.

Aslida «Barselona»ga qarshi superkubok o‘yinida golli pas, keyin esa «Real» darvozasiga urilgan goldan so‘ng, Immobile Sevilyada o‘ynab ketishi taxmin qilingandi, lekin...

Mavsumning ikkinchi yarmida u ijara asosida «Torino»ga qaytdi. Endi u yerda yangi yulduz porlayotgan, murabbiylar ham, muxlislar ham Andrea Belottidan ko‘proq narsa kutishayotgandi. 14 uchrashuvda 5 gol va Yevropa tugul, Italiyaning o‘zida ham hujumchining yana porlashiga ishonmay qo‘yishgandi. Toki «Latsio» o‘zining mos va xos taktikasi bilan o‘rtada paydo bo‘lmaguncha...

Aslida Chiro Neapolga qaytish va «Napoli» klubida to‘p surishni orzu qilar, lekin neapolliklar Mertensning o‘yinidan sarmast holda, Immobile uchun pul sarflashni istashmagandi. «Latsio»dagilar esa zudlik bilan Immobiledan maksimal darajada foydalanish mumkin bo‘lgan uslubni joriy qilishdi va butun jamoa o‘yini ushbu futbolchi atrofida qurila boshlandi.

Bir qaraganda, Immobileda juda yuqori texnika ham yo‘q, tez yugurmaydi, individual mahoratini namoyish qilgan holda, bir o‘zi gollarni yarata olishi ham kamdan-kam kuzatiladigan holat. Bularning hammasini Immobile birgina fazilati bilan yuvib yuboradi – pozitsiyani to‘g‘ri tanlay olish.

Uning jamoadoshlari mana shu ustunlikka mos tarzda harakatlana olishadi. Luis Alberto ushbu mavsumdagi 9 assistidan 5tasini aynan Immobilega uzatgan. Korrea, Latssari, Lukaku, Luchli, Filipe kabi futbolchilarning ham mavsumdagi yagona golli uzatmalari Immobile tomon yo‘naltirilgan. Hujumchining samarali o‘yinlari Indzagining ishini ham osonlashtirmoqda. Hujumchi turli to‘psiz harakatlardan ozod qilingan, top-o‘yinlardan tashqari, maydonda u himoyalanishda deyarli qatnashmaydi va asosiy ishni bajarish uchun kuchini asraydi.

«Menga jamoaviy o‘yinimiz yoqyapti. Jamoa prezidenti Lotito mendan yangi mavsumdagi tilaklarim haqida so‘raganda, jamoaviy o‘yinning rivojlanishini aytgandim. Bunga erishish uchun men bu yerda yetarli vaqtga ega bo‘ldim va o‘zimdan ham talab qila olaman. Bugungi kunga kelib, himoyalanish borasida ham, kreativlik va ijro mahorati borasida ham, maydonda ko‘rayotganlarimdan roziman», deydi Simeone Indzagi.

Nihoyat Immobile Italiyada o‘zi uchun ajoyib sharoitga ega bo‘ldi – matbuot uni deyarli tanqid qilmayapti, «Latsio» muxlislari umuman osmonga ko‘tarishmoqda, jamoa o‘yini uning atrofida qurilgan. Germaniya va Ispaniyada balki mana shu omillar yetishmasligi sababli ham, hammasi kutilganidek kechmagandir?

Immobile hikoyasi shuni ko‘rsatadiki, alohida olganda, futbolchining muvaffaqiyati ba'zida mavjud sharoitdan va muhitga qattiq bog‘langan bo‘ladi. Ammo avvallari, bu Chironi tashvishga solgan bo‘lsa, endi hammasi o‘zgardi: Italiyaning haqiqiy qiroliga aylangan hujumchi endi faqat «Latsio» safida sovrinlar yutishni orzu qilmoqda. 

Q.Aslanov tayyorladi

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top