18:53 / 09.01.2020
1
30730

Jizzaxda bir oilaning 4 a'zosi is gazidan vafot etdi

Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida bir oilaning 4 a'zosi is gazidan zaharlanish oqibatida vafot etdi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bergan.

«Bugun soat 14:04 atrofida G‘allaorol tuman tibbiyot birlashmasi tez tibbiy yordam bo‘limiga tumandagi «Ko‘kgumbaz» MFY qarashli Qorong‘ul qishlog‘ida yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan D.Sh. xonadoniga chaqiriq qayd etilgan.

Tez tibbiy yordam brigadasi voqea joyiga zudlik bilan yetib borganida oila a'zolari, xonadon sohibi D.Sh, uning turmush o‘rtog‘i, 1987 yilda tug‘ilgan N.Sh, 6 yoshli o‘g‘li A.Y. hamda 3 yoshli qizi O.Y.da biologik o‘lim aniqlangan. 

Ularni birlamchi tekshiruvdan o‘tkazilganda «is gazidan  o‘tkir zaharlanish» dastlabki tashxisi qo‘yilgan», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Bosh prokuratura matbuot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan G‘allaorol tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

5 yanvar kuni Farg‘ona viloyatining Quva tumanida bir oilaning ikki farzandi is gazidan zaharlanib vafot etdi, shu kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumanida bir ayol va uning 2 yoshli farzandi is gazidan zaharlanib vafot etgandi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top