15:15 / 09.01.2020
0
37471

Saroydan chiqish. Shahzoda Harri va Megan o‘z maqomlaridan voz kechishmoqda

Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II’ning nabirasi, shahzoda Harri va uning rafiqasi Megan Markl qirollik oilasining yuqori martabali a'zolari maqomi va u bilan bog‘liq imtiyozlardan voz kechishini e'lon qildi.

PA MEDIA

Shahzoda Harri va uning rafiqasi Megan qirollik oilasi bilan bog‘liq asosiy vazifalardan xalos bo‘lish va moliyaviy mustaqillikka intilishmoqda. Bu haqda Sasseks gersogi va gersoginyasining instagramdagi sahifasida e'lon qilingan.

Juftlik «monarxiya institutidagi yangi progressiv rol» yaratish, shuningdek, navbati bilan Buyuk Britaniya va AQShda yashashini va moliyaviy mustaqillikka erishish niyatida ekanligini aytgan.

Ular qirolicha Yelizaveta II’ni «har tomonlama qo‘llab-quvvatlash»da davom etishni rejalashtirishgan.

Harri va Meganning so‘zlariga ko‘ra, qaror bir necha oylik tahlil va muhokamalardan so‘ng qabul qilingan. 

Sentabr oyida ular doimiy diqqat markazida bo‘lish qanchalik qiyinligini aytishgandi.

«Sizlarning ayniqsa so‘nggi bir necha yil ichidagi qo‘llab-quvvatlashingiz bilan, biz bunday o‘zgarishga tayyormiz deb o‘ylaymiz».

«Ikki qit'ada yashash o‘g‘limizni qirollik an'analariga hurmat bilan tarbiyalashga, shu bilan bir qatorda oilamizning shaxsiy maydonini kengaytirish va hayotning yangi bosqichiga e'tiborni jamlash imkoniyatini beradi, uning bir qismi esa xayriya jamg‘armasini tashkil etishdan iborat bo‘ladi», deyiladi ularning bayonotida.

Bukinghem saroyiga ko‘ra, shahzoda Harri va Megan bilan muzokaralar dastlabki bosqichda. «Biz ularning o‘zlari xohlagan yo‘lda borishni istashlarini tushunamiz, ammo bularning barchasi hal etilishi uchun vaqt kerak bo‘lgan murakkab masalalardir», deyiladi bayonotda. 

Oktabr oyida ITV telekanali Harri va Megan bilan katta intervyu namoyish etgan, unda birdaniga saroy oilasi o‘nlab yillar davomida jim bo‘lib kelgan ikki mavzu — tabloidlarning qirol oilasi a'zolari hayotiga aralashishi va qirollik oilasidagi o‘zaro munosabatlarga to‘xtalib o‘tilgandi. 

Xususan, Megan homiladorlik paytida uning har bir qadamini tanqid qilgan sariq matbuotdan xafa bo‘lgani haqida gapirgan.

«Aqlga emas, yurakka tayanib»

Bukinghem saroyining sobiq matbuot kotibi Diki Arbiter shahzoda Garri o‘z aqliga emas, yurak xohishiga bo‘ysunib qaror qabul qildi, deb hisoblamoqda. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, ularning o‘g‘li shahzoda Archi tug‘ilganidan keyin OAVning sinchkovlik bilan e'tibor ko‘rsatishi Sasseks gersogi va gersoginyasi saroydan chiqib ketishga ahd qilishining sabablaridan biri bo‘lgan.

Ekspert er-xotinning qarorini 1936 yilda taxtdan ko‘ra ikki marta turmushi buzilgan aktrisa Uollis Simpsonga uylanishni afzal ko‘rgan Edvard VIII'ning iste'fosi bilan taqqosladi. 

«Bu shunga o‘xshash yagona holat, ammo bizning davrimizda bundan ortiq hech narsa sodir bo‘lmagan», dedi u. 

Shahzoda Harri qanday qilib qirollik oilasining «yarim» a'zosi bo‘ladi degan savolga Arbiter javob bera olmadi. 

«Agar ularning Buyuk Britaniyada uylari bo‘lsa, tez-tez samolyotda uchishlari kerak bo‘ladi va ular, siz bilganingizdek, atmosferaga chiquvchi zararli gaz chiqindilarining asosiy manbalaridan biri hisoblanadi. Shu sababli ularga salbiy ko‘z bilan qarashlari mumkin», deya ta'kidladi Arbiter.

Shahzoda Harri va Megan o‘tgan yilning avgust oyida xususiy samolyotda uchgani uchun ekologlar va eko-faollar tomonidan keskin tanqidga uchragandi. Elton Jon esa juftlikni samolyot bilan uning o‘zi ta'minlaganini aytib, yosh oilani himoya qilib chiqqandi.

  • Ma'lumot uchun, shahzoda Harri Yelizaveta II’ning birinchi o‘g‘li bo‘lmish shahzoda Charlz xonadonida ikkinchi o‘g‘il bo‘lgani tufayli taxtga vorislik qila olmaydi - voris uning akasi Uilyam hisoblanadi. Uilyamdan keyin ham taxt ukasiga emas, uning farzandlariga (shahzoda Jorj, malika Sharlotta va shahzoda Luis) o‘tadi.

Britaniya qirollik xonadoni

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top