13:08 / 09.01.2020
0
4730

Toshkent davlat stomatologiya instituti xalqaro ISO sertifikatiga ega bo‘ldi

Toshkentda tashkil etilgan «Oliy tibbiy ta'lim tizimini Markaziy Osiyoda xalqaro ta'lim dasturlarini amalga oshiruvchi «HAB»ga aylantirishga doir islohotlar» mavzusida o‘tkazilgan xalqaro o‘quv-uslubiy konferensiya ochilishida Toshkent davlat stomatologiya institutiga xalqaro ISO sertifikati topshirildi.

«Yurtimizdagi oliy ta'lim muassasalari orasidan birinchilardan bo‘lib, institutimizning xalqaro ISO sertifikatiga ega bo‘lganidan judayam mamnunmiz. Bu ta'lim jarayoni xalqaro standartlarga mos ravishda davom etayotgani, xalqaro reytinglarga kirish imkoniyatimiz oshib, institutimiz nafaqat yurtimizda, balki chet elda ham o‘z reytingiga ega bo‘lishini anglatadi. Umuman olganda oliy o‘quv yurtimiz ko‘plab yutuqlarga erishib kelmoqda. Jumladan, o‘tgan yilda institutimizda «Stomatologiya Yuga-2019» xalqaro olimpiadasi o‘tkazildi va unda talabalarimiz eng yuqori o‘rinlarni egalladi. Shuningdek, muassasamiz Xalqaro stomatologlar federatsiyasi, Yevropa kariyesologiya assotsiatsiyasi, Xalqaro tibbiyot talabalari uyushmalari federatsiyasi, Amerika rinologlar jamiyati hamda Yaponiya jarrohlar uyushmasining to‘laqonli a'zosi bo‘ldi», deydi Toshkent davlat stomatologiya instituti rektori Jasur Rizayev.

Toshkent davlat stomatologiya instituti qisqa davr mobaynida qator yutuqlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab fakultetlarning barcha kurslarida ayrim mutaxassislik fanlarini ingliz tilida o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.

«Bunday zamonaviy imkoniyatlar malakali kadrlar tayyorlash, stomatologiya sohasida jahon tibbiyotining ilg‘or tajribalarini keng joriy etish, xalqimizga ko‘rsatilayotgan stomatologik xizmatni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘lmoqda. Bundan tashqari, o‘qituvchilarimiz va talabalarimizning xorijda malaka oshirib kelishlari, chet el oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilarining kelib talabalarga mahorat darslari o‘tishlariga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Institutda xalqaro qo‘shma ikki diplomli ta'lim dasturlari soni bakalavr bosqichida 4ta, magistraturada 9ta, klinik ordinatura yo‘nalishi bo‘yicha 3taga yetdi.

Ushbu sa'y-harakatlar esa ta'lim sifati va malakali kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etayapti. Jumladan, Ta'lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan tuzilgan reytingda Toshkent davlat stomatologiya instituti yurtimiz oliy o‘quv yurtlari orasida 8 o‘rinni egallab, tibbiyot oliy ta'lim muassasalari orasida eng yuqori natijani qo‘lga kiritgani ham ta'lim muassasasida olib borilayotgan islohotlar samarasidir», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top