23:45 / 10.01.2020
1
21092

Amerikalik ayol bir yil ichida ikki marta egizak farzand dunyoga keltirdi

Foto: WPTV News

AQShning Uest-Palm-Bich shahrida (Florida shtati) yashovchi ayol bir yil ichida ikki marta egizak farzand dunyoga keltirdi. Bu haqda WPTV-TV telestansiyasi xabar berdi. 

Aleksandriya Uolliston ismli bu ayol 2019 yil martida egizak o‘g‘illarni dunyoga keltirib, ularga Mark va Malaxiy deb ism qo‘ygan. Ayol ko‘p o‘tmay, ya'ni may oyida yana homilador bo‘lgani va egizak farzand kutayotgani ma'lum bo‘lgan. Aleksandriya 27 dekabrda Kaylen va Kaleb ismli egizaklarni dunyoga keltirgan. “Men hech qachon egizak farzand tug‘aman, deb o‘ylamagandim”, deb tan olgan ona.

Ayol yaqinda uning ikki buvisi ham egizaklarga homilador bo‘lganlari, biroq ularni tug‘ruq vaqtida yo‘qotganlaridan xabar topdi. “Ular go‘yoki bu bolalarni menga osmondan jo‘natishgan”, deb aytgan Aleksandriya. Ayolning egizak farzandlaridan tashqari, 3 yoshli qizi ham bor. “Tan olish kerak, qizimning fe'li og‘ir, men go‘yoki bir emas, ikki farzand tarbiyalayotgandekman”, deb qo‘shimcha qilgan ayol.

6 yanvarda chaqaloqlardan biri – Kaleb tug‘ruqxonadan chiqarilgan. Uning ukasi Kaylen esa hozircha shifokorlar kuzatuvi ostida qolmoqda. Ayol “yangi mehmonlar” sharafiga bazm uyushtirish uchun butun oila jam bo‘lishini intiqlik bilan kutmoqda. “Men go‘yoki ikki marta jyekpot yutib olgandekman”, deb aytgan baxtiyor ona. 

 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top