09:07 / 10.01.2020
0
18684

Bolalar bog‘chalari: turlari, guruhlar to‘ldirilishi, ish rejimi va davlat boshqaruvi

«Maktabgacha ta'lim va tarbiya to‘g‘risida»gi O‘RQ-595-son Qonun e'lon qilindi. U yarim yildan keyin kuchga kiradi.

 Norma’ning yozishicha, hujjatda maktabgacha ta'lim va tarbiyaning asosiy tamoyillari, ushbu sohadagi davlat siyosati yo‘nalishlari, shuningdek Vazirlar Mahkamasi, Maktabgacha ta'lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, egaligida maktabgacha ta'lim tashkilotlari bo‘lgan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari belgilandi.

 Davlat va nodavlat shaklida, shu jumladan DXSh shartlarida tashkil etilgan maktabgacha ta'lim tashkiloti quyidagi turlarda bo‘lishi mumkin:

umumiy turdagi guruhlar – ularda umumiy rivojlanish yo‘nalishidagi guruhlarda davlat ta'lim dasturlari amalga oshiriladi;

ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan guruhlar – rivojlanishida jismoniy yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun;

inklyuziv guruhlar, ularda sog‘lom muhitga uyg‘unlashtirish orqali bolalarning ta'limga bo‘lgan alohida ehtiyojlari va shaxsiy imkoniyatlarini hisobga olgan holda teng darajadagi ta'lim va tarbiya ta'minlanadi;

qo‘shma turdagi guruhlar – bitta tashkilotda rivojlanishida jismoniy yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan va bunday nuqsoni bo‘lmagan bolalarni alohida guruhlarda, shuningdek inklyuziv guruhlarda qo‘shma turda ta'lim olib boriladi.

 Maktabgacha ta'lim tashkilotining har bir turi uchun guruhlarni to‘ldirish normativlari belgilangan.

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, ro‘yxatdan o‘tgan yakka tartibdagi tadbirkorlar hokimiyatdan ruxsat beruvchi hujjatni olib, oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari shaklida xizmatlar ko‘rsatishi mumkin. Ularda maktabgacha yoshdagi 25 nafar bolani o‘qitish va tarbiyalash mumkin.  

 Guruhlar yoshga doir toifalar bo‘yicha ilk rivojlanish (1 yoshdan 3 yoshgacha), kichik (3 yoshdan 4 yoshgacha), o‘rta (4 yoshdan 5 yoshgacha), katta (5 yoshdan 6 yoshgacha) guruhlarga va maktabga tayyorlov guruhiga (6 yoshdan 7 yoshgacha) bo‘linadi. Guruhlarni to‘ldirish va bolalarni bir guruhdan boshqasiga o‘tkazish har yili o‘quv yili boshlanguniga qadar amalga oshiriladi. Maktabgacha ta'lim vazirligi bilan kelishuvga ko‘ra guruhlarni ularni to‘ldirishning eng ko‘p miqdori oshirilgan holda tashkil etishga yo‘l qo‘yiladi. Nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida guruhlarni to‘ldirish tartibi maktabgacha ta'lim tashkilotlarini saqlashga, ularning tuzilishiga va ulardagi ish rejimini tashkil etishga doir sanitariya-gigiyena talablari hisobga olingan holda ularning muassisi tomonidan belgilanadi.

 Bolalar bog‘chalarida o‘quv yili 2 sentyabrdan 31 maygacha davom etadi, 1 iyundan 31 avgustgacha esa yozgi sog‘lomlashtirish davri hisoblanadi. Maktabgacha ta'lim muassasalarining ish rejimi quyidagicha belgilanishi mumkin: ularda bolalar qisqa vaqt bo‘ladigan (bir kunda 3–4 soat), to‘liq kun (bir kunda 9, 10, 5 va 12 soat) va kecha-yu kunduz bo‘ladigan rejimlar. Bo‘lish vaqtiga qarab bolalarning uxlashi, uyg‘oq payti va ovqatlanish rejimi tashkil etiladi.

 Qonunda ta'lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari: bolalar, ularning qonuniy vakillari va pedagog xodimlarning huquq va majburiyatlari qayd etilgan. Maktabgacha yoshdagi bolalarni ijtimoiy himoyalash kafolatlanadi, ularni ovqatlantirishni tashkillashtirish va sog‘lig‘ini muhofaza qilish tartibi belgilandi. Pedagoglarning haftalik ish yuklamasi va mehnatiga haq to‘lash tartibi belgilandi. Davlat bolalar bog‘chalarining boshqaruv organlari: pedagoglar kengashi, kuzatuv kengashi va rahbarlarning vakolatlari tartibga solindi. Xususiy tashkilotni boshqarish tartibi uning ta'sis hujjatlarida ko‘rsatiladi.

 Ta'lim xizmatlarini oluvchilar nuqtai nazaridan, ta'lim va tarbiya jarayoni sifati ta'minlanishi muhimdir. Buning uchun, shu jumladan quyidagi davlat boshqaruvi dasturlari qo‘llaniladi:

maktabgacha ta'lim tashkilotlarining davlat akkreditatsiyasi 5 yilda o‘tkaziladi, xususiy tashkilotlarning faoliyati litsenziyalanadi. Ikkala holatda ham tartib Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi esa vakolatli organ hisoblanadi;

barcha maktabgacha ta'lim tashkilotlari uchun majburiy bo‘lgan davlat standarti qabul qilinadi va kamida 5 yilda 1 marta qayta ko‘rib chiqiladi, davlat ta'lim dasturlari tasdiqlanadi;

pedagogning kasbiy standarti Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi, pedagogning kasbiy standarti pedagogning shaxsiy sifatlariga nisbatan uning bilimlari, mahorati va ko‘nikmalaridan ajralmas bo‘lgan talablar qo‘yadi. Pedagog xodimlar 5 yilda kamida 1 marta attestatsiyadan o‘tkaziladi. Muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, pedagogik faoliyatni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklari yoki jismoniy nuqsonlari bo‘lgan shaxslar, shuningdek qasddan jinoyatlar sodir etganligi uchun ilgari hukm qilingan shaxslar maktabgacha ta'lim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin emas.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top