11:00 / 10.01.2020
0
77687

Tryudo samolyotni Eron raketasi urib tushirganini ma'lum qildi, Jonson unga qo‘shildi

Kanada bosh vaziri Jastin Tryudoning Kanada razvedkasi ma'lumotlariga asoslanib ma'lum qilishicha, «Ukraina xalqaro avialiniyalari» (MAU)ning Tehron yaqinidagi halokatga uchragan Boeing 737 rusumli samolyoti Eronning «yer-havo» tasnifidagi raketasi tomonidan urib tushirilgan.

Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo 8 yanvar kuni Tehron yaqinida qulab tushgan ukrainlarning yo‘lovchi samolyoti halokatida Eronni aybladi.

«Bizda samolyot Eron raketasi tomonidan urib tushirilganini isbotlovchi ko‘plab manbalar ma'lumotlari bor. Bu katta ehtimol bilan xatolik tufayli ro‘y bergan», degan Jastin Tryudo. Aviahalokatda Kanadaning 63 nafar fuqarosi ham halok bo‘lgandi.

Tryudo Kanada «Boing» halokati bilan bog‘liq savollarga javob talab qilishini bildirgan. U javoblar olinmagunicha Kanada hukumati tinchimasligini ta'kidlab o‘tgan. U fojia yuzasidan keng ko‘lamli tekshiruv boshlashga chaqirgan.

Kanada bosh vaziri ortidan Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson ham shunga o‘xshash bayonot berdi. Uning aytishicha, Britaniyada samolyot Eron raketasi bilan urib tushirilganini tasdiqlovchi dalillar bor.

«Mavjud ma'lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, samolyot Eronning «yer—havo» tasnifidagi raketasi bilan urib tushirilgan. Katta ehtimol bilan bu qasddan sodir etilmagan», degan Jonson.

Samolyot halokati oqibatida 3 nafar britaniyalik ham halok bo‘lgandi.

Raketa uchirilishi izlari

Avvalroq Amerikadagi nashrlar Pentagondagi manbalari, shuningdek, AQSh va Iroq razvedkalari ma'lumotlariga asoslangan holda ukrainlar samolyoti Eronning «Tor» zenit-raketa majmuasidan uchirilgan raketa bilan urib tushirilgani haqida xabar tarqatgan edi.

Amerikaning CBS News yangiliklar kompaniyasi Amerika razvedkasidagi manbasiga asoslanib, Ukraina samolyoti «Erib» havodan himoya kuchlari tomonidan urib tushirilgani haqida xabar berdi. AQSh Eron radarining ishga tushganini qayd etgan, shuningdek, raketalarning faollashgani haqidagi ikkita chaqnash hodisasini aniqlagan. Ularning taxminiga ko‘ra, bu «Tor» zenit raketalarining havoga chiqarilganidan keyin kuzatilgan infraqizil nurlar chaqnashi edi. Bu chaqnashlar ortidan havoda portlash (samolyot portlashi) ro‘y bergan.

Reuters agentligining Amerika hukumatidagi manbasi hukumatdagilar samolyot Eron havo hujumidan mudofaa tizimi tomonidan urib tushirilgani ehtimoli yuqori ekani haqida xulosaga kelganini ma'lum qilgandi.

CNN telekanali ham AQSh hukumati Ukraina samolyoti Eronning raketa uchirishdagi xatosi tufayli qulagani haqidagi farazga qattiq ishonayotgani haqida xabar bergan. Ushbu xulosaga Amerika razvedkasi yig‘ayotgan sun'iy yo‘ldosh, radarlar va elektron ma'lumotlar umumlashtirilishi orqali kelingan.

Newsweek nashri esa Pentagonning razvedka xizmatidagi yuqori lavozimli amaldoriga asoslanib, Ukrainaning Boeing 737 samolyoti Rossiya tomonidan ishlab chiqarilgan «Tor» zenit-raketa majmuasi orqali urib tushirilgani xabar qilgandi.

AQSh prezidenti Donald Tramp esa, samolyot halokati texnik nosozlik tufayli ro‘y berganiga ishonmasligini aytib o‘tdi.

«Bunga shubham bor. Ushbu mavzuda gapirmoqchi emasman, chunki mendan boshqa odamlarning bu boradagi fikri butunlay boshqacha va gumonlar ham turlicha. Narigi tomonda turganlardan kimdir xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lishi mumkin… Bizda xato bo‘lmagan. Samolyot qulashiga aloqamiz yo‘q», degan Tramp.

Eron fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi rahbari Ali Obidzoda OAVda tarqalgan xabarlar asossizligini aytib o‘tdi.

«Ilmiy nuqtayi nazardan raketa Ukraina samolyotini urib tushirishi mumkin emas, bunday mish-mishlar asossiz», deya eronlik amaldorning so‘zlarini keltirgan ISNA agentligi.

U CNN’ga bergan intervyusida ham samolyotning raketa vositasida urib tushirilganini inkor etgan.

«Agar raketa yoki raketa snaryadi urib tushirganda samolyot erkin qulagan bo‘lardi», degan Ali Obidzoda.

Bundan avvalroq Ukraina hukumatidagilar samolyot raketa orqali urib tushirilgani ehtimolini o‘rganilayotgani haqida ma'lum qilgandi.

«Ukraina xalqaro avialiniyalari» (MAU)ning Boeing 737 samolyoti 8 yanvar kuni tongida Tehrondagi Imom Xumayniy aeroportidan havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay qulagandi. Samolyot bortida 176 kishi bo‘lgan: ularning 82 nafari Eron, 63 nafari Kanada, 11 nafari Ukraina, 10 nafari Shvetsiya, 4 nafari Afg‘oniston, 3 nafari Buyuk Britaniya va yana 3 nafari Germaniya fuqarolari edi.

Samolyot halokati Eron AQShning Iroqdagi bazalariga raketa zarbalari bergan vaqtga to‘g‘ri kelgandi.

Dastlab Iordaniyaning Al-Hadath nashri samolyot tasodifan Eron raketasi bilan urib tushirilgan bo‘lishi mumkinligi haqida taxmin bildirgandi. Eron hukumati esa dvigateldagi alangalanish halokatga sabab bo‘lganini ma'lum qildi. Tehron samolyotning «qora quti»lari Boeing kompaniyasiga yoki Amerika hukumatiga berilmasligini bildirdi.

Xalqaro huquq normalariga ko‘ra, Eron tekshiruvni mustaqil o‘tkazish huquqiga ega, ammo bunday holatlarda urib tushirilgan samolyotning ishlab chiqaruvchilari ham tekshiruv ishlariga jalb etiladi.

Mavzu
Eronda Ukraina samolyoti halokati
Eronda 8 yanvar kuni «Ukraina xalqaro avialiniyalari» (MAU)ning Boeing 737 samolyoti halokatga uchradi. Uning bortidagi 180ga yaqin kishi halok bo‘ldi.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top