18:03 / 12.01.2020
0
13210

«Real» - «Atletiko»: Superkubok finali prevyusi

Bugun, 12 yanvar kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida yangi formatdagi Ispaniya Superkubogining ilk finali doirasida «Madrid derbisi» bo‘lib o‘tadi. «Real» va «Atletiko» jamoalari mavsumdagi dastlabki sovrinni qo‘lga kiritish uchun kurashishadi.

Final

Ispaniya Superkubogi yangi formati sabab paradoksal vaziyat yuzaga keldi: hal qiluvchi o‘yinda na La Liganing amaldagi g‘olibi va na kubok sohibi maydonga tushadi. Sababi, «Barselona» va «Valensiya» yarim finalda mag‘lub bo‘lib, uyga qaytishga majbur bo‘lishdi. Bosh sovrin esa Madridga yo‘l olishi aniq. Faqat «Santyago Bernabeu»ga yo‘l oladimi yoki «Vanda Metropolitano»gami – bugungi futbol oqshomida bilib olamiz.

Ispaniya Superkubogi.
Final. 12 yanvar (yakshanba)
«Real» – «Atletiko»
Bosh hakam: 
Xose Maria Sanches
O‘yin boshlanish vaqti: 23:00
Jidda, «King Abdullah Spors City»
TV-translatsiya: «Match TV»

Ustunlik kimda?

O‘yin oldidan Zidanning Simeonedan bitta ustun jihati bor, uning jamoasi bir kun ko‘proq dam oladi. «Real» «Valensiya»ga qarshi (3:1) o‘yinni chorshanba kuni o‘tkazgan bo‘lsa, «Atletiko» payshanba kuni «Barselona»ga qarshi qiyin uchrashuvni (3:2) o‘tkazdi. Qolaversa, «Real»dan farqli o‘laroq, «Atletiko» final hushtagigacha jiddiy bosimda kurash olib bordi. Finalga tayyorgarlik ko‘rish uchun Zidan jamoasi 4 kun, Simeone shogirdlari esa 3 kun tayyorgarlik ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Bu jihat «Qirollik klubi» foydasiga ishlashi mumkin.

Kimlar maydonga tusha olmaydi?

Final oldidan ikki tomonda ham tarkib borasida muammolar yetarlicha. Yarim finaldagidek, hal qiluvchi bahsda ham Zidan to‘rt nafar hujumkor futbolchilari - Azar, Benzema, Beyl va Asensioning xizmatidan foydalana olmaydi. Murabbiy bu safar ham hujumdagi yo‘qotishlarni yarimhimoya chizig‘idagi muhim figuralar bilan yopsa, ajabmas.

Diyego Simeone esa, turnirga Diyego Kostasiz tashrif buyurgan bo‘lsa, «Barsa»ga qarshi gol urib, so‘ng jarohat olgan Koke ham finalda maydonga tushmasligini klub rasman ma'lum qilgan. Lemar, Savich va Ximenesning ham maydonga tushishi so‘roq ostida qolmoqda. Shunday ekan, markaziy himoya chizig‘ini aytmaganda, «matraschilar»ning tarkibi «Barsa»ga qarshi o‘yindagidek ko‘rinish olishini taxmin qilish mumkin.

Taxminiy tarkiblar

«Real»: Kurtua, Karvaxal, Ramos, Varan, Marselo, Kazemiro, Kroos, Valverde, Rodrigo, Isko, Yovich. 

 «Atletiko»: Oblak, Tripper, Monteyro, Ermoso, Lodi, Errera, Partey, Korrea, Saul Niges, Felish, Morata.

O‘zaro so‘nggi 5 uchrashuvdagi natija:

28.09.2019. Atletiko – Real – 0:0

09.02.2019. Atletiko – Real – 1:3

29.09.2018. Real – Atletiko – 0:0

15.08.2018. Real – Atletiko – 2:4

08.04.2018. Real – Atletiko – 1:1.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top