08:34 / 13.01.2020
0
10149

Xitoy patent idorasi O‘zbekiston olimlarining ishlanmasiga patent berdi

2019 yilning dekabrida Xitoy Xalq Respublikasi patent idorasi O‘zR FA Genomika va bioinformatika markazi olimlari tomonidan yaratilgan paxta genlarini nokaut qilish (o‘chirish) innovatsion texnologiyasi bo‘yicha patent arizasini tasdiqladi. 

Innovatsion rivojlanish vazirligi xabariga ko‘ra, o‘zbekistonlik olimlar ishlab chiqqan paxta genini nokaut qilish texnologiyasi O‘zbekiston, AQSh, Misr va Rossiyada patentlar hamda xalqaro RCT patentini olgan. Yana bir patent jahon miqyosida litsenziyalash imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

Xitoy paxta ishlab chiqarish va undan foydalanish bo‘yicha jahonda yetakchilardan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, Xitoy paxtaning yuqori sifatli va hasharotlarga chidamli hamda yangi patogen navlarini yaratishda zamonaviy biotexnologik usullardan keng foydalanmoqda. Shuning uchun ham olimlarimiz texnologiyasi uchun Xitoyda patent olinishi tijoratlashtirish uchun katta imkoniyatlarni ochadi.

Paxta genlarining nokaut (o‘chirish) texnologiyasi oltinchi avlod innovatsion texnologiyasi hisoblanadi. U 2008 yilda o‘zbek olimlari tomonidan ixtiro qilingan bo‘lib, O‘zbekiston hukumati ko‘magida olib borilgan keyingi tadqiqotlar “Porloq“ g‘o‘za turkumidagi yuqori hosilli, barvaqt pishuvchi, uzun tolali, qurg‘oqchilikka va tuzga chidamli biotexnologik navlarning yaratilishiga olib keldi. Mazkur texnologiya dunyoda ilk bora paxtaning bir vaqtning o‘zida bir nechta qimmatli xususiyatlarini takomillashtirish imkonini berdi. Aynan muayyan navning bir nechta xususiyatlarini bir paytning o‘zida o‘zgartirish paxta seleksiyasida asosiy muammo hisoblanadi. Natijada yangi navlarning o‘rtacha hosildorligi gektariga 40 sentnerga yetdi, 4.2 mikroneyrli, -37.9 (Str) pishiqlikdagi va tola uzunligiga 38-40 mm bo‘lgan yuqori sifatli tola olish imkonini berdi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top